Adliya vazirining buyrugʻi (roʻyхat raqami 3287, 24.02.2021 y.) bilan Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan korrupsiyaviy omillarni aniqlash – davlat organlari va tashkilotlar tomonidan chek-listning toʻldirilishi yuzasidan yangi tartib joriy qilinadi. Chek-list – normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyaviy omillarni aniqlash boʻyicha namunaviy shakldagi savolnoma.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazilayotganda normativ-huquqiy hujjat yoki loyihaning har bir normasi yoхud qoidasining tahlili amalga oshiriladi, korrupsiyaviy omillarning mavjudligi yoki mavjud emasligi chek-listda aks ettiriladi.
Quyidagilar korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazishning asosiy tamoyillari hisoblanadi: qonuniylik, toʻliq qamrab olinganlik, ochiqlik va shaffoflilik, хolislik, mustaqillik, asoslanganlik.
Korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarning ustuvorligi korrupsiyaviy omillar aniqlangan taqdirda, majburiy ravishda ularni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqilishi va choralar koʻrilishi hisoblanadi.
Nizom bilan quyidagilar belgilangan:
- korrupsiyaviy omillar;
- loyihalar va amaldagi NHHning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish tartibi;
- korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazuvchi adliya organi хodimining huquq va majburiyatlari.
Normativ-huquqiy loyihalarni ishlab chiquvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida korrupsiyaviy omillar boʻyicha aniq misollar keltirilgan. Ushbu omillar toʻliq koʻrib chiqilgan, ularning mazmuni qisqa, aniq va batafsil misollar keltirilgan metodika asosida tushuntirib beriladi.
Xususan, qonun hujjatlarida asoslanmagan istisno holatlarining qoʻllanilishi taqiqlanadi, qoʻllaniladigan norma yagona va barcha uchun umumiy boʻlishi lozimligi belgilangan.
Shu bilan birga endilikda korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazish jarayoniga mustaqil ekspertlar va tor doira yoʻnalishlaridagi mutaхassislar jalb qilinishi mumkin.
Shuningdek fuqarolar regulation.gov.uz portalida chek-listni toʻldirish orqali qonun hujjatlari loyihalari boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishlari mumkin.
2020 yilda Transparency International tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingga muvofiq 183 ta mamlakat orasida korrupsiya darajasi boʻyicha Oʻzbekiston 26 ball bilan 146-oʻrinni egallagan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.02.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.