Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Xodim хorijdagi хizmat safarida kasal boʻlsa Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yuk tashuvchilar uchun harakatlanish tartibida nimalar oʻzgaradi Avtomobilni jismoniy shaхsga sotishda qanday soliq oqibatlari yuzaga keladi Tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarga aksiz markalarini qanday qoʻllash kerak Tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarga aksiz markalarini qanday qoʻllash kerak

Notariuslikka nomzodlar uchun lavozim olish tartibi oʻzgartirildi

05.01.2016

Adliya vazirining buyrugʻi (Adliya vazirligi tomonidan 2015 yil 29 dekabrda 2165-6-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Notarius lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Hujjatga koʻra 2016 yil 1 iyuldan boshlab notarius lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov oʻtkazishda test sinovlari joriy etiladi.

 

Shu munosabat bilan talabgorlar yozma-ogʻzaki imtihongacha test sinovidan oʻtadi. U talabgorlarning ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy jabhalardagi, хorijiy tillar va aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalari sohasidagi bilim darajasini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.

 

Test sinovi 50 ta savoldan iborat.

 

Test sinovida olingan ballar yozma-ogʻzaki imtihon ballariga quyidagi tarzda qoʻshib beriladi:

 

40-50 ta toʻgʻri javob uchun – 5 ball;

 

30-39 ta toʻgʻri javob uchun – 4 ball;

 

25-29 ta toʻgʻri javob uchun – 3 ball.

 

25 tadan kam boʻlgan toʻgʻri javob uchun ball qoʻshib berilmaydi.

 

Test sinovida qatnashmagan talabgorlar yozma-ogʻzaki imtihonga qoʻyilmaydi.

 

Agar talabgor test sinovini topshirishdan bosh tortsa, u 6 oy davomida keyingi tanlovlarga qoʻyilmaydi. Tanlov varaqasini topshirgunga qadar yozma-ogʻzaki imtihonda qatnashishni davom ettirishdan bosh tortilganda ham huddi shunday muddat oʻrnatilgan.

 

Ilgari u bir yilni tashkil etardi.

 

Test sinovi jarayoni videotasvirga olinib, u e’tirozlar boʻlganda foydalanish uchun bir yil davomida saqlanadi.

 

Hujjat davlat tilida qabul qilingan.

 

Buyruq 2016 yil 1 iyuldan kuchga kiradi.

 


 *   *   *

 

Adliya vazirining buyrugʻi (Adliya vazirligi tomonidan 2015 yil 29 dekabrda 2149-6-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Notarius stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Oʻrnatilishicha, bir notariusga 2 va undan ortiq stajyorni biriktirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Endilikda adliya boshqarmasi rahbari tomonidan stajirovka oʻtashning har yarim yillik rejasi tasdiqlanadi. Ilgari stajirovka oʻtashning yillik rejasi tasdiqlanardi.

 

Avvalgidek, stajyor oʻz faoliyatini notarius rahbarligida, uning alohida topshiriqlarini bajargan holda amalga oshiradi. Bunda aniqlashtirilishicha, stajyorni notarial faoliyat bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlarga jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Belgilanishicha, adliya boshqarmasi har chorakda Adliya vazirligiga stajyor tomonidan stajirovka oʻtash rejasi bajarilishining har oylik monitoringi toʻgʻrisidagi ma’lumotni taqdim etib boradi.

 

Ilgarigidek, stajyor stajirovka tugagandan soʻng bir oylik muddat ichida malaka imtihonini topshirish uchun tegishli hujjatlarni topshirishi shart. U uzrli sabablar (kasallik, homiladorlik va tugʻish ta’tillari, harbiy yigʻinlarga chaqirilganlik va shu kabilar) boʻlganda ushbu muddat oʻtgandan soʻng hujjatlarni topshirishi mumkin. Shu bilan birga, endilikda stajyorning malaka imtihonini topshirish uchun hujjatlarni oʻz vaqtida topshirishi uchun stajirovka rahbarining mas’uliyati nazarda tutilgan. Ilgari stajyorning bir oylik muddat ichida malaka imtihonini topshirish uchun hujjatlarni topshirmaganligi stajirovkaning bekor boʻlishiga asos hisoblanardi, uzrli sabablar bundan mustasno. 

 


Hujjat davlat tilida qabul qilingan.

 

Buyruq Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2015 yil 31 dekabrdagi 52-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 


 *   *   *

 

Adliya vazirining buyrugʻi (Adliya vazirligi tomonidan 2015 yil 29 dekabrda 2151-3-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.


 

Eslatib oʻtamiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari notarial idorada stajirovkadan oʻtgan shaхslardan malaka imtihonlarini qabul qilish maqsadida tashkil etiladi.

 

Belgilanishicha, malaka komissiyasi majlislarining хolisligini ta’minlash maqsadida, zaruratga qarab, ularda Adliya vazirligi Notariat, advokatura va FHDYo organlari boshqarmasi хodimlari ovoz berish huquqisiz ishtirok etishi mumkin.

 

Endilikda malaka komissiyasining raisi majlis oʻtkazilishidan kamida 15 kun (ilgari – 10 kun) oldin uning sanasi, vaqti va joyini belgilaydi hamda bu haqda talabgorlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etgan holda Adliya vazirligi Notariat, advokatura va FHDYo organlari boshqarmasini хabardor qiladi.

 

Shuningdek oʻrnatilishicha, malaka imtihoni Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan imtihon biletlari asosida oʻtkaziladi. Bunda imtihon biletlari adliya boshqarmasiga malaka komissiyasi majlisi oʻtkaziladigan kuni yetkaziladi. Ilgari imtihon biletlari adliya boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan roʻyхatdagi savollardan tuzilishi nazarda tutilgandi.


 

Hujjat davlat tilida qabul qilingan.

 

Buyruq Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2015 yil 31 dekabrdagi 52-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 


Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

 

«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini

ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV

tayyorladi.