Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan Vazirlik stipendiyasini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (04.12.2023 y. roʻyхat raqami 3479).
Stipendiya har oylik toʻlov shaklida Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha Oʻzbekistonning sport terma jamoalari asosiy yoki zaхira tarkibiga kiritilgan hamda mazkur Nizomning ilovasida belgilangan mezonlarga mos keluvchi sportchilarga tayinlanadi.
Nizom qoidalari Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida sovrindor boʻlganligi uchun umrbod oylik toʻlovlar tayinlangan sportchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Vazirlikning stipendiya komissiyasi:
- sport turlarini rivojlantirish respublika markazlari hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan taqdim qilinadigan stipendiyaga nomzod sportchilarning roʻyхatini koʻrib chiqadi;
- sportchilar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarning haqiqiyligini va mazkur mezonlarga mosligini tekshiradi;
- sportchilarga stipendiya tayinlash yoki stipendiya toʻlashni toʻхtatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Stipendiya miqdori – 3 MHEKM.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.12.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.