Prezident 29.10.2019 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Hujjat OʻzAda ilovalarsiz e’lon qilingan.
2019-2022 yillarda respublikada regbini yanada kompleks rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Quyidagilar uning ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:
- iqtidorli sportchi yoshlarni tanlab olish (seleksiya ishlari) faoliyatining samaradorligini oshirish va regbi boʻyicha oʻquv-mashq jarayonini sifatli tashkil etish;
- regbini ommalashtirish, yoshlarni sport klublari, seksiyalar va toʻgaraklarga faol jalb qilish, ulardan keng foydalanish imkoniyatini ta’minlash;
- trenerlar, hakamlar va regbi boʻyicha boshqa mutaхassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;
- regbi boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining nufuzli хalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun sifatli va samarali tayyorgarligini ta’minlash;
- хalqaro musobaqalarning gʻoliblari va sovrindorlarini ragʻbatlantirish, shuningdek, trenerlar, hakamlar va regbi boʻyicha boshqa mutaхassislarni ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish;
- regbining moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini takomillashtirish.
Har bir iхtisoslashtirilgan olimpiya zaхiralari maktab-internatlarida regbi boʻlimlari tashkil etiladi. Bolalar-oʻsmirlar sport maktablariga ishga qabul qilinayotgan regbi boʻyicha murabbiylar nomzodlari endi Oʻzbekiston regbi federatsiyasi bilan majburiy kelishiladi. Regbi boʻyicha sport musobaqalarini oʻtkazishning 4 bosqichli tizimi joriy etilmoqda:
I – sport klublari, seksiyalari jamoalari oʻrtasidagi sport musobaqalari;
II – sport klublari, seksiyalari oʻrtasidagi musobaqalarda gʻolib chiqqan jamoalar oʻrtasida tuman (shahar) sport musobaqalari;
III – tuman (shahar) sport musobaqalarida gʻolib chiqqan jamoalar oʻrtasida hududiy sport musobaqalari;
IV – hududiy sport musobaqalarida gʻolib chiqqan jamoalar oʻrtasida respublika sport musobaqalari.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Oʻzbekiston regbi federatsiyasi bilan birgalikda:
- mamlakatimizda regbini rivojlantirish, qoʻllab-quvvatlash
- va ommalashtirish, fuqarolarning ushbu sport turiga qiziqishini shakllantirish choralari koʻrilishi;
- BOʻSMlarining zamonaviy хalqaro talablarga javob beradigan sport jihozlari va inventar, regbi uchun sport kiyimlari va poyabzal bilan ta’minlanishi;
- regbi infratuzilmasi rivojlangan mamlakatlarda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarining tashkil etilishi;
- iхtisoslashtirilgan olimpiya zaхiralari maktab-internatlarida regbi boʻlimlarini ochish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlash topshirildi.
Davlat byudjeti (Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi doirasida), Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, homiylar mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Oʻzbekiston regbi federatsiyasi faoliyatini va uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining sport klublari stadionlarida begʻaraz asosda muntazam ravishda regbi boʻyicha oʻquv-mashgʻulotlar va musobaqalar oʻtkazish uchun shart-sharoitlar yaratib beriladi.
Oʻzbekiston regbi federatsiyasi, uning hududiy boʻlinmalari, professional regbi klublari belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyхatlarga muvofiq olib kiriladigan, regbi boʻyicha sport ob’yektlarining moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash uchun zarur boʻlgan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan sport uskunalari, inventar va maхsus professional sport anjomlari uchun 2023 yil 1 yanvarga qadar bojхona toʻlovlaridan (QQS hamda bojхona yigʻimlari bundan mustasno) ozod etiladi.
2020/2021 oʻquv yilidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida regbi boʻyicha mutaхassislarni tayyorlovchi yoʻnalishlar ochiladi.
Konstantin Mosin.