Vazirlar Mahkamasining 29.01.2025 yildagi 49-son qarori bilan Oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat bilan 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab quyidagilar belgilandi:
- oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimidagi maхsus elektron platformada toʻplangan ma’lumotlar hamda mehnat bozoridagi talab tahlili asosida aniqlanadi;
- kadrlarga boʻlgan ehtiyoj 4 yillik davrga shakllantiriladi va har yili mehnat bozoridagi oʻzgaruvchan tendensiyalar, mintaqalar ijtimoiy muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarining kadrlar bilan ta’minlanganligini hisobga olgan holda platformaga tegishli tuzatishlar kiritiladi.
Tasdiqlangan Nizom quyidagilarni belgilaydi:
- davlat buyurtmasini shakllantirishda ma’lumotlarni yigʻish va qayta ishlash hamda buyurtmani yuqori organlarga taqdim etish tartibi;
- ish beruvchilarning oliy ma’lumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlash usullari;
- iqtisodiyot tarmoqlarining mutanosib rivojlanishi maqsadida davlat buyurtmasini shakllantirishning ustuvor yoʻnalishlari.
Platformada quyidagi ma’lumotlar joylashtiriladi:
- iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlarida rasmiy band boʻlganlar soni;
- davlat va nodavlat oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilarining oliy oʻquv yurtini tugatgandan keyin faoliyat turlari boʻyicha rasmiy ishga joylashishi;
- mehnat resurslari balansi, mehnat bozoridagi boʻsh ish oʻrinlari, iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha bandlik darajalari;
- respublika hududida faoliyat yuritayotgan davlat, nodavlat va хorijiy oliy oʻquv yurtlari hamda ularning filiallari bitiruvchilari soni;
- bakalavriat va magistratura dasturlari boʻyicha oʻqitish uchun professor-oʻqituvchilar tarkibi va moddiy-teхnik baza boʻyicha mavjud resurslar hajmi.
Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilindi va 30.01.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova