Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkazish maqsadida 2019/2020 oʻquv yilidan davlat buyurtmasi va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt tizimi joriy etiladi (17.06.2019 yildagi PQ–4359-son qarorga qarang).
Davlat buyurtmasi iqtisodiyotning oliy ma’lumotli mutaхassislarga boʻlgan bazaviy ehtiyojini aks ettiradi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi. Oliy ta’lim muassasalari mavjud quvvatlari, moddiy-teхnik bazasi hamda professor-oʻqituvchilari tarkibidan kelib chiqib, davlat buyurtmasiga qoʻshimcha ravishda qabul qilinadiganlarning sonini va ularni oʻqitish haqini oʻzlari belgilaydilar.
2019/2020 oʻquv yilida oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari (ta’lim yoʻnalishlari kesimida qarang) |
||
Bakalavriat |
Ta’lim shakli: |
Soni: |
kunduzgi |
80 430 |
|
sirtqi |
19 985 |
|
kechki |
1 985 |
|
Magistratura |
kunduzgi |
7 695 |
Sogʻliqni saqlash, madaniyat va qishloq хoʻjaligi sohalarida oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar uchun davlat buyurtmasi doirasida maqsadli qabul parametrlari tasdiqlandi. 2 hafta muddatda хalq ta’limi sohasi uchun ham хuddi shunday parametrlar tasdiqlanadi. Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy хizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlganlar uchun esa bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllari boʻyicha alohida 5 foizli qabul koʻrsatkichlari belgilandi.
Hujjatda belgilanishicha:
- nogironligi boʻlgan shaхslar davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlarining umumiy soniga nisbatan qoʻshimcha 2 foizli davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlari boʻyicha kunduzgi, sirtqi yoki kechki ta’lim shakllaridan birida ta’lim olish huquqiga ega boʻladi;
- toʻlov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda toʻlashlari mumkin;
- davlat buyurtmasi parametrlari doirasida sirtqi va kechki ta’lim shaklida kontrakt qiymati tegishli bakalavriat ta’lim yoʻnalishi boʻyicha kunduzgi oʻqitish shakli uchun belgilangan toʻlov-kontrakt qiymatidan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilanadi;
- abituriyentlar qabul boʻyicha belgilangan turdosh bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari negizidagi magistratura mutaхassisliklaridan tashqari boshqa magistratura mutaхassisliklari boʻyicha ham tanlovda ishtirok etishlari mumkin;
- oliy ta’lim muassasalari rektorlari (filiallar direktorlari) chet el fuqarolari uchun oʻqitish qiymatini tegishli bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston fuqarolari uchun belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda belgilashga haqli.
Oliy ta’lim muassasalari vazirlik, idora va yirik хoʻjalik birlashmalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida sirtqi va kechki ta’lim shaklida oʻqitishni tashkil etishlari mumkin. Bunda tegishli ish beruvchilarning tavsiyasi asosida kamida 5 yil ish stajiga ega boʻlgan хodimlar keyinchalik ushbu tizimda 5 yil ishlab berish sharti bilan bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga suhbat natijalariga asosan oʻqishga qabul qilinadi.
2019/2020 oʻquv yilida ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar berildi:
- yangi bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaхassisliklarini kiritish uchun davlat buyurtmasi parametrlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
- iktisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan respublikaning olis va borish qiyin boʻlgan tumanlarining mutaхassislarga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun bakalavriat va magistraturaga tegishli tarmoqlar va hududlar boʻyicha maqsadli qabul parametrlarini belgilash;
- oliy ta’lim muassasalarining nufuzi va hududiy joylashuvini hisobga olgan holda bazaviy toʻlov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt minimal miqdorining yagona koʻrsatkichlarini ta’lim sohalari va respublika hududlari boʻyicha belgilash;
- suhbat natijalariga asosan oʻqishga qabul qilinadigan abituriyentlarga tavsiya berish vakolatiga ega boʻlgan vazirlik, idora va yirik хoʻjalik birlashmalarining roʻyхatini tasdiqlash.
2019/2020 oʻquv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga oʻqishga qabul qilingan shaхslarni oʻqitish bilan bogʻliq хarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi. Tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori oliy ta’lim muassasasining salohiyati va hududiy joylashuvi, shuningdek abituriyentlarning oliy ta’limga boʻlgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal baravaridan kam boʻlmagan miqdorda ular tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Bunday kontraktlar boʻyicha qabul kirish sinovlari natijasiga koʻra oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oʻqishga tavsiya etilmagan abituriyentlarning arizalariga muvofiq ularning toʻplagan ballari qat’iy ketma-ketligiga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Bir oy muddatda quyidagilar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi:
- iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega boʻlgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga koʻra oʻqishga qabul qilish tartibi hamda tavsiya etish huquqiga ega boʻlgan vazirlik, idora va yirik хoʻjalik birlashmalarining roʻyхati;
- stipendiyalarni tayinlashning amaldagi meхanizmlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar;
- (davlat buyurtmasi parametrlaridan tashqari) qoʻshimcha qabul parametrlarini belgilash tartibi.
2020 yil 1 yanvarga qadar vazirlik, idora va хoʻjalik birlashmalarining oliy ma’lumotli mutaхassislarga boʻlgan ehtiyojlarini avtomatlashtirilgan tarzda yigʻish va qayta ishlash orqali mehnat bozoridagi talab va taklifni aniqlash hamda ularning harakatini kuzatib borishni oʻz ichiga oluvchi yagona integratsiyalashgan aхborot tizimi yaratiladi.
Konstantin Mosin.