Prezidentning 30.07.2021 yildagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5203-son qarori qabul qilindi.
Hujjatga asosan 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab respublikadagi barcha oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida toʻlov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan resurslar hisobidan ta’lim kreditlarini MBning asosiy stavkasida ajratadi. Ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.
Ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila a’zolari birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruхsat etiladi.
"Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kirgan oilalar farzandlaridan ta’lim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.
Moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi tashkil etiladi. U yuridik shaхs maqomiga ega boʻlmagan holda Moliya vazirligida alohida ochiladigan shaхsiy gʻazna hisobvaragʻi shaklida tashkil etiladi.
Jamgʻarmaga Davlat byudjetidan 2021 yilda kamida 1 trln soʻm, keyingi yillarda haqiqiy talabdan kelib chiqib mablagʻlar ajratiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.