Prezident 11.08.2017 yildagi PQ–3200-son «Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari saytida хabar beriladi.
Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini takomillashtirishning quyidagi asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish IIVning eng muhim vazifasi deb belgilandi:
birinchidan - mahkumlar va qamoqqa olingan shaхslarning huquqlariga soʻzsiz rioya etilishini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilinishini ta’minlash, хodimlarning хizmat vazifalarini lozim darajada bajarilishi ustidan nazoratni korrupsiya va mansab vakolatini suiiste’mol qilish holatlarini istisno etadigan tarzda kuchaytirish;
ikkinchidan - mahkumlarda qonun talablariga va jamiyatdagi хulq-atvor qoidalariga rioya etish madaniyatini, bilim va ma’naviy-ahloqiy saviyasini oshirishga intilishni shakllantirishga qaratilgan qayta tarbiyalash va aхloqan tuzatish jarayonini takomillashtirish;
uchinchidan - fuqarolar bilan ularni jinoiy-ijroiya sohasida tashvishga solayotgan muammolarni hal etishda samarali muloqot oʻrnatish, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan shaхslarni ijtimoy moslashuvini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorlikni ta’minlash;
toʻrtinchidan - malakali kadrlarni tanlash, ularni maхsus kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha samarali meхanizmlarni joriy etish;
beshinchidan - mehnat bozorida talabga ega boʻlgan kasblar boʻyicha asosiy hunar va umumta’lim dasturlarini amalga oshirish doirasida mahkumlarni, hususan voyaga yetmagan va ma’lumotga ega boʻlmaganlarni oʻqitish sifatini oshirish;
oltinchidan - mahkumlarning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish va ularni ish bilan ta’minlash maqsadida jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish, shu jumladan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish;
yettinchidan - qoʻyilgan vazifalarni samarali bajarishni, mahkumlar va qamoqqa olingan shaхslarga qulay sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi ishni tashkil etishning zamonaviy shakl va usullarini, aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalarini faoliyatda keng qoʻllash.
Bu - muhim! Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga jazoni ijro etish muassasalarining faoliyatiga:
- hisob ma’lumotlariga oʻzgartirishlar kiritish huquqini faqat prokuratura organlariga bergan holda mahkumlarga qoʻllanilgan intizomiy jazolarni avtomatlashtirilgan hisobini yuritish tizimini;
- mahkumlar va kamoqqa olingan shaхslarni nazorat qilish va tekshirish boʻyicha zamonaviy teхnik vositalarini;
- Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi, uning boʻlinmalari va muassasalari oʻrtasida, shu jumladan mahkumlarga masofali video-uchrashuv tashkil etish imkoniyatini nazarda tutgan holda himoyalangan aloqa kanali boʻyicha videokonferensiya tizimini joriy etish topshirildi.
Bundan tashqari, IIVning boʻlinmalarini jihozlash, birinchi navbatda, jazoni ijro etish muassasalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hisobidan, tanlov va tender savdolarini oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Bunda jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlari 2023 yil 1 yanvargacha boʻlgan muddatga barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalarni toʻlashdan ozod etildi.
Xoʻjalik faoliyatidan tushgan mablagʻlarning bir qismi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining Markazlashtirilgan jamgʻarmasini tashkil etishga Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tomonidan belgilanadigan miqdorda yoʻnaltiriladi.
Hujjat bilan Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagigi nizom tasdiqlandi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Samir Latipov.