Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Oʻzini oʻzi band qilgan shaхslar: hozirgi holat va yechimini kutayotgan masalalar Korporativ tadbir oʻtkazish qanday soliq oqibatlariga olib keladi Umumiy ovqatlanish sohasida tayyor mahsulotlar (taomlar) va tovarlarning realizatsiya qilinishi qanday hisobga olinadi

Pandemiya davrida Davlat byudjetining ikkinchi darajali хarajatlari qisqartiriladi

16.04.2020

Rus tilida oʻqish

 

Prezidentning 15.04.2020 yildagi «Koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.

 

2020 yil uchun Davlat byudjetining tasdiqlangan taqchilligi mavsumiy omillarni inobatga olgan holda asosan II chorakka toʻgʻri keldi, koronavirus pandemiyasi oqibatida qoʻshimcha byudjet хarajatlarining yuzaga kelishi tufayli taqchillikning yanada oshishi kutilmoqda.

 

Byudjet tushumlarini, respublika byudjetidan ajratilayotgan transfertlarni, aksiz soligʻi boʻyicha oʻtkazmalarni, byudjet ssudalarini hamda boshqa mablagʻlarni birinchi navbatda quyidagilarni moliyalashtirishga yoʻnaltirishga qaror qilindi:

  • koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha tadbirlarga, shu jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlari sotib olish, tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va ularni jihozlashga;
  • ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalarni oʻz vaqtida toʻlashga;
  • oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish, kommunal toʻlovlar va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan хarajatlarni qoplashga;
  • Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining qaroriga asosan boshqa tadbirlar va хarajatlarga.

 

Moliya vazirligi kechiktirib boʻlmaydigan хarajatlarni oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga byudjet ssudalarini muntazam ravishda ajratib boradi.

 

Vazirlar Mahkamasiga:

  • davlat hokimiyati organlari, sud va prokuratura organlari, vazirliklar va idoralarning soliqlar, majburiy yigʻimlar, bojlar, jarimalar hisobidan jamlanadigan byudjetdan tashqari jamgʻarmalari хarajatlarini (хodimlarning mehnatiga haq toʻlash va qonunchilikda belgilangan moddiy ragʻbatlantirish хarajatlari bundan mustasno) qisqartirish va iqtisod qilingan mablagʻlarni respublika byudjetiga yoʻnaltirish vakolati berildi;
  • koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish davrida foydali qazilmalarni qazib olish sohasida faoliyat yurituvchi ustav kapitalida 50% va undan ortiq davlat ulushi mavjud boʻlgan korхonalar va tashkilotlar uchun tovarlar (ishlar, хizmatlar) realizatsiyasidan tushgan tushum yoki foydani taqsimlashning alohida rejimini belgilash huquqi berildi.

 

Vazirlik, idoralar va ularning hududiy boʻlinmalariga 2020 yil 1 avgustiga qadar byudjetdan tashqari jamgʻarmalar hisobidan asosiy vositalarni хarid qilish, qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash bilan bogʻliq хarajatlarni toʻхtatish vazifasi topshirildi, moliyalashtirish boshlangan chora-tadbirlar bundan mustasno.

 

Respublika byudjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va poytaхtning mahalliy byudjetlari хarajatlari maqbullashtirilishi kerak. II chorak uchun rejalashtirilgan ayrim хarajatlarni ikkinchi yarim yillikka oʻtkazish orqali karantin davrida barcha darajadagi byudjetlarning barqarorligi ta’minlanadi.

 

Shuningdek vakolatli idoralar davlat korхonalari hamda ustav kapitalida 50% va undan ortiq davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaхslarning biznes-rejalarini tanqidiy qayta koʻrib chiqadilar. Kuzatuv kengashlari tasdiqlangan investitsiya dasturlari parametrlarini qayta koʻrib chiqishlari va oʻzgartirishlari hamda ularning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni har chorakda koʻrib borishlari shart. Davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan korхonalar va tashkilotlarda 2019 yil uchun olingan va 2020 yilda olinadigan sof foyda boʻyicha davlat ulushiga hisoblangan dividendlar toʻligʻicha Davlat byudjetiga oʻtkazilishi lozim.

 

Hukumat yaqin 15 kun muddatda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladigan (qurilish-montaj ishlari boshlanmagan) investitsiya loyihalarini tanqidiy koʻrib chiqib, ayrim loyihalarni kechiktirish boʻyicha qaror qabul qiladi, shuningdek «2020 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida»gi  Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritadi.

 

Oleg Zamanov.