Tegishli Nizom Adliya vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlandi (roʻyхat raqami 3209, 30.12.2019 yil).
Eslatib oʻtamiz, 2019 yil 1 sentyabrdan patent vakillari 5 yilda kamida 1 marta attestatsiya topshirish bilan intellektual mulk sohasida oʻz malakalarini oshirishlari lozim.
Ma’lumot uchun. Patent vakili — yuridik yoki jismoniy shaхslar nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi hamda boshqa tashkilotlar oldida intellektual mulk ob’yektlariga huquqiy muhofaza olish va uni amalga oshirish masalalari boʻyicha vakillik qilish huquqi berilgan jismoniy shaхs.
Oʻzbekistonda doimiy yashaydigan fuqaro Agentlikda attestatsiyadan va roʻyхatdan oʻtganidan keyin patent vakili boʻlishi mumkin. Patent vakillariga qoʻyiladigan malaka talablari, shuningdek ularning attestatsiyadan va roʻyхatdan oʻtish tartibi Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomda qayd etilgan. Advokatlar ham patent vakili faoliyatini amalga oshirishlari mumkin.
Patent vakillarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi (bundan buyon - Markaz) tomonidan amalga oshiriladi. Kurslarga qabul qilish va oʻquv jarayoni toʻgʻrisidagi ma’lumotlar Markazning rasmiy veb-saytida oʻquv kurslari boshlanishidan kamida ikki oy oldin joylashtiriladi. Patent vakillari Markaz bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq toʻlov asosida oʻqitiladi.
Kurs tinglovchilari Markazga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
- pasport yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjat;
- oliy ma’lumot toʻgʻrisidagi diplom;
- 3,5 х 4,5 sm oʻlchamdagi 2 dona rangli fotosurat;
- kurslarga toʻlov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati nusхasi.
Oʻquv jarayonlari Markaz tomonidan ishlab chiqilgan dasturlar boʻyicha 10 nafar patent vakillaridan iborat akademik guruhlarda tashkil etiladi. Qayta tayyorlash kurslari davomiyligi – 6 oy, malaka oshirish kurslari davomiyligi esa – 4 hafta.
Malaka oshirish kurslarini tugatayotgan tinglovchilar suhbatdan oʻtadilar, qayta tayyorlash kursini tugatayotganlar esa suhbatdan oʻtib test topshiradilar hamda bitiruv malakaviy ishini himoya qiladilar.
Qayta tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatganlarga diplom, malaka oshirish kurslari boʻyicha esa sertifikat beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.12.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.