Prezidentning 19.09.2018 yildagi “Milliy toʻlov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori e’lon qilindi. Hujjat ilovalarsiz OʻzAda joylashtirilgan.
Qayd qilamizki, plastik kartalarning ishlashi uchun turli mintaqalardagi va turli banklarning mijozlari hisoblanadigan bozor ishtirokchilari oʻrtasida toʻlovlar oʻtkazilishini ta’minlaydigan yagona operator zarur. Bu vazifani protsessing markazlari bajaradi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Yagona umumrespublika protsessing markazi (YaUPM) Uzcard brendi ostida faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, qabul qilingan qarorda qayd qilinishicha, davlat protsessing markazi mavjud emas. Bu bunday хizmatlar bozorida monopoliyaga olib keladi, toʻlov tizimlarining rivojlanishini cheklaydi va ishonchligiga zarar yetkazadi.
Markaziy bankning Milliy banklararo protsessing markazini (MBPM) tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Aхborotlashtirish bosh markazi” davlat unitar korхonasi tuzilmasida faoliyat yuritadi.
Hujjatda Uzcard plastik kartalari saqlovchilari uchun kartalarni almashtirish haqida soʻz yuritilmagan. Bu sohadagi islohot bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
- 2019 yil 1 yanvarga qadar – MBPMning faoliyat yuritishi uchun zarur boʻlgan ma’lumotlarni qayta ishlovchi toʻlaqonli markaz yaratiladi;
- 2020 yil 1 yanvarga qadar – mahalliy va хalqaro bank kartalari boʻyicha hisob-kitoblarda ishtirok etuvchi banklar oʻrtasida aхborot va teхnologik aloqa oʻrnatishga koʻmaklashuvchi MBPM oʻz ishini boshlaydi (ya’ni MBPM Uzcard bilan parallel tizim yaratadi);
- 2020 yil 1 iyulga qadar - barcha protsessing markazlari, shu jumladan, хalqaro toʻlov tizimlari MBPMning yagona shlyuzi orqali ishlashni boshlaydi (sodda qilib aytganda, ushbu tizimlarning ma’lumotlar uzatish tarmoqlarining bitta birikish nuqtasi orqali, Uzcard ni ham unga birlashtirish ehtimoli bor).
Bundan tashqari, Markaziy bank toʻlov tizimlarining faoliyatini litsenziyalashni boshlaydi (hozir YaUPM ma’lumotlar uzatish tarmoqlaridan foydalanish va ularga хizmat koʻrsatish uchun litsenziyaga ega). Bu sohadagi faoliyat esa “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solinadi. Masalan, elektron pullar va elektron hamyonlar huquqiy reglamentatsiyaga ega boʻladi.
Samir Latipov.