Bu Vazirlar Mahkamasining 17.09.2019 yildagi 777-son qarorida nazarda tutilgan.
“Toshshahartransхizmat” AJ avtobus saroylari cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchi tashish hisobidan 2018 yil IV choragi va 2019 yil I choragi boʻyicha 38,7 mlrd soʻm, “Toshkent metropoliteni” UK esa 9 mlrd soʻm miqdorida zarar koʻrdi.
Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi mazkur zararlarni respublika va shahar byudjetidan qoplab beradi. “Toshshahartransхizmat” AJ olingan mablagʻlarni yetkazib beriladigan dizel yoqilgʻisi uchun “Oʻzbekneftgaz” AJ tashkilotlariga, “Toshkent metropoliteni” UK esa iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun qarzdorlikni qoplashga yoʻnaltiradi.
Koʻrsatilgan kompaniyalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish va ularning zararlarini kamaytirish boʻyicha amaliy choralar koʻrish toʻgʻrisidagi taklif 2 oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.09.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.