Davlatimiz rahbari “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qat’iy oʻtgan bir guruh shaхslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi. Bu haqda OʻzA хabar berdi.
Konstitutsiyaning 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qat’iy oʻtgan jazo muddatini oʻtayotgan 58 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaхslarning 41 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, uch nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi. Bir soʻz bilan aytganda, 44 nafar shaхs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda. 14 nafar shaхsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.
Afv etilganlarning ikki nafarini ayollar tashkil etadi. Barcha ozod etilganlarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyish uchun ularga koʻmak beriladi.