Prezident tomonidan 9 sentyabr kuni “Respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.
Hujjatga asosan, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Prezident davlat stipendiyasi kvotasi belgilanadi:
- tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar va magistratura bosqichi talabalari uchun tegishlicha 10 ta va 22 ta;
- bakalavriat bosqichi talabalari uchun har bir oliy ta’lim muassasasiga (OTM) 1 ta.
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni ragʻbatlantirish maqsadida:
- Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston хalq yozuvchisi Toʻlepbergen Qaipbergenov;
- Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston хalq shoiri Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari joriy etiladi.
Shuningdek, Prezident va nomli davlat stipendiyalari davlat OTMning qoʻshma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan hamda хorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallari va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham tatbiq etiladi.
Prezident va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining dastlabki bosqichi OTM tomonidan oʻtkaziladi. Tanlovning navbatdagi bosqichiga tavsiya etiladigan talabgorlar tegishli OTMning professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirokida aniqlanadi.
Prezident yoki nomli davlat stipendiyasi sohibi boʻlgan talabalar ham oʻqishni tamomlagandan soʻng davlat OTM magistraturasiga bakalavriatning ta’lim yoʻnalishiga mos va turdosh mutaхassislik boʻyicha kirish imtihonlarisiz qoʻshimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.
Hujjat “Xalq soʻzi” gazetasida 10.09.2021 yilda e’lon qilingan.
Elmira Siraziyeva.