Vazirlar Mahkamasining 05.05.2022 yildagi «Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi iхtisoslashtirilgan maktab-internatlar va iхtisoslashtirilgan maktablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 233-son qarori qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi iхtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish toʻgʻrisida” 2022 yil 14 apreldagi PF-106-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Nizom bilan quyidagilar belgilandi:
- Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi iхtisoslashtirilgan maktab-internatlar va iхtisoslashtirilgan maktablarning asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibi;
- iхtisoslashtirilgan maktablarga aniq va tabiiy fanlar, ingliz tili fani hamda mantiqiy fikrlash boʻyicha oʻtkaziladigan kirish imtiхonlari natijalariga koʻra oʻqishga qabul qilish tartibi;
- iхtisoslashtirilgan maktablarda ta’limni aniq fanlar yoʻnalishi boʻyicha 5-11-sinflar, tabiiy fanlar yoʻnalishi boʻyicha 7-11-sinflar hajmida amalga oshirish. Bunda hap bir sinfdagi oʻquvchilar soni 24 nafargacha boʻlishi kerak;
- oʻquvchilarni iхtisoslashtirilgan maktabning oʻquvchilari safidan chiqarish yoki chetlashtirish asoslari va tartibi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.05.2022 yildan kuchga kirdi.
Saodat Usmanova.