2017 yil 18 apreldagi PQ–2896-son “Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga muvofiq Ichki ishlar vazirining buyrugʻi (roʻyхat raqami 2930, 2017 yil 13 sentyabr) bilan Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining hisobotini fuqarolar yigʻinlarida eshitish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjatga koʻra, profilaktika inspektorlari oʻzlariga biriktirilgan hudud boʻyicha tegishli fuqarolar yigʻinlarida har oy yakuni boʻyicha hisobot beradi.
Yigʻin oʻtkazilishidan 3 kun oldin bu haqda fuqarolar yigʻinida koʻrinarli joyga e’lon osib qoʻyiladi hamda aholiga yetkazish choralari koʻriladi. Profilaktika inspektori faoliyatiga aholi tomonidan haqqoniy baho berilishini ta’minlash maqsadida fuqarolar yigʻini raisi hududdagi uylar aholisi (ularning vakillari) qatnashishini ta’minlaydi. Yigʻinga fuqarolarni turli sabablar bilan qatnashishini taqiqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Profilaktika inspektorlarining hisobotlarini eshitish yakunlariga koʻra ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan koʻrilayotgan choralar va ish natijalari tanqidiy muhokama qilinadi, ular faoliyatining samaradorligiga alohida baho beriladi, shuningdek egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi haqida tavsiyalar qabul qilinadi hamda ichki ishlar organi boshligʻiga taqdim etiladi.
Fuqarolar yigʻini unda qatnashish huquqiga ega boʻlgan barcha aholining yarmidan koʻprogʻi hozir boʻlgan taqdirda vakolatlidir. Fuqarolar yigʻinini chaqirishning imkoni boʻlmaganda fuqarolar vakillarining yigʻilishi oʻtkaziladi. Fuqarolar vakillarining yigʻilishi, agar unda fuqarolar vakillarining kamida 2/3 qismi qatnashsa, vakolatlidir.
Fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) qaror unda qatnashganlarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda yigʻinni (yigʻilishni) olib boruvchi mas’ullarning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
2017 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.