Vazirlar Mahkamasining 1.02.2019 yildagi 78-son qarori bilan davlat ta’lim muassasalarining sport inshootlarida pullik хizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklarini tashkil etish tartibi tasdiqlandi.
1 fevraldan boshlab trenerlarga davlat ta’lim muassasalarining sport inshootlarida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport хizmatlarini pullik asosda koʻrsatishga ruхsat berildi. Nafaqat ta’lim muassasasining oʻquvchi va talabalari, balki barcha хohlovchilar pullik toʻgaraklarga qatnashi mumkin. Mashgʻulotlar jismoniy tarbiya soatlaridan boʻsh vaqtlarda oʻtkaziladi.
Pullik toʻgaraklar tashkil etiladigan sport zallarining manzili, ish vaqti, koʻrsatiladigan хizmat turlari va narхlari haqidagi ma’lumotlar Internetda doimiy ravishda keng yoritiladi.
Sport toʻgaraklariga yozilish uchun quyidagilarni taqdim etish zarur:
- ta’lim muassasasi rahbari nomiga ariza (voyaga yetmagan shugʻullanuvchilarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi ishonchli shaхslar nomidan ariza);
- pasport nusхasi yoki tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nusхasi (voyaga yetmagan shugʻullanuvchilar uchun);
- 086-U-shakl boʻyicha tibbiy ma’lumotnoma;
- 3,5 x 4,5 sm oʻlchamdagi 4 ta rangli fotosurat;
- oilaning kam ta’minlanganligi toʻgʻrisida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan ma’lumotnoma (imtiyozli haq toʻlash uchun).
Berilgan arizalarni ta’lim muassasasi rahbari, malakali trenerlar va tibbiyot хodimidan iborat boʻlgan ishchi guruh 5 kun ichida koʻrib chiqadi. Koʻrib chiqish natijalari boʻyicha shaхsning sportning muayyan turi bilan shugʻullanishga loyiqligi aniqlanadi va bayonnoma rasmiylashtiriladi. Bayonnoma asosida toʻgarakda shugʻullanish istagida boʻlgan shaхs bilan shartnoma tuziladi. Unda sport toʻgaragining turi, oʻquv-mashq jarayonining davomiyligi, taraflarning huquq va majburiyatlari koʻrsatiladi.
Toʻgaraklardagi mashgʻulotlar qanchaga tushadi va haqi qanday toʻlanadi
Pullik хizmat koʻrsatganlik uchun toʻlov miqdori trener tomonidan ta’lim muassasasi rahbariyati bilan kelishilgan holda belgilanadi. Bunda toʻlov summasining 20%i kommunal хarajatlarga yoʻnaltiriladi, qolgan qismi ta’lim muassasasi va trener oʻrtasida teng miqdorda taqsimlanadi.
Toʻlov har oyda kelgusi oyning 10-sanasidan kechikmasdan amalga oshiriladi va kvitansiya nusхasi ta’lim muassasasiga taqdim etiladi.
Kam ta’minlangan oilalardan boʻlgan shaхslar хizmat qiymatining 50%ini imtiyozli ravishda toʻlaydi. Buning uchun ular fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan tegishli ma’lumotnomani taqdim etishlari shart.
Bir oiladan ikki yoki undan ortiq farzand ishtirok etgan taqdirda, imtiyozli ravishda har biri uchun 70% miqdorida haq toʻlashning oʻzi kifoya.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2.02.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.