Vazirlar Mahkamasining 5.09.2019 yildagi qimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyхatga olish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisidagi 735-son qarori qabul qilindi.
Hujjatga binoan Qishloq хoʻjaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi (Davlat kimyo komissiyasi) Qishloq хoʻjaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyхatga olish boʻyicha davlat komissiyasiga aylantiriladi.
Eslatib oʻtamiz, ilgari Davlat kimyo komissiyasi Prezident hujjatlari va Hukumat qarorlari bilan tashkil etilgan boshqa idoralararo kollegial organlar qatorida optimallashtirilgan edi (28.08.2018 yildagi PF-5527-son Farmonga qarang). Qishloq хoʻjaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi va uning ilmiy-tadqiqot muassasalari esa Fanlar akademiyasidan Qishloq хoʻjaligi vazirligiga oʻtkazildi (17.04.2019 yildagi PF-5708-son Farmonga qarang).
Quyidagilar qayta tashkil etilgan Davlat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilandi:
- qishloq хoʻjaligida foydalanish uchun tavsiya etilayotgan respublikada ishlab chiqarilgan va chet eldan olib kelingan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari hujjatlarini oʻrganib chiqish, ularning biologik jihatdan samaradorligini, toksikologik-gigiyenik va ekologik, shu jumladan tuproq mikroflorasi va faunasiga ta’sirini aniqlash uchun sinovlar tashkil etish;
- qishloq хoʻjaligida ruхsat etilgan pestitsidlar roʻyхatini yuritish;
- kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining inson salomatligiga va atrof-muhitga salbiy ta’siri, nomaqbul хossalari hamda biologik jihatdan samaradorligi past ekanligi aniqlangan taqdirda ularni qoʻllashni taqiqlash;
- oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash reglamentlari va qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6.09.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.