2019 yil 1 martdan boshlab yuridik va jismoniy shaхslar barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlardan ozod etilgan holda ushbu faoliyatni amalga oshirishlari mumkin. Prezidentning 26.11.2018 yildagi tegishli qarori OʻzA saytida e’lon qilingan.
Hujjatda qayd etilishicha, mamlakatning ayrim hududlarida sh.j. qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olishning davom etayotganligi bilan bogʻliq boʻlgan kriminogen vaziyatning yomonlashishi kuzatilmoqda. Buning asosiy sababi – sanoat usulida qazib olish ob’yekti hisoblanmaydigan yer qa’ri uchastkalarida qimmatbaho metallarni nosanoat usulda qazib olish bilan qonuniy shugʻullanish imkoniyatining mavjud emasligida.
Qabul qilingan hujjat bilan tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida yer qa’ridan foydalanishning alohida turi sifatida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish legallashtirildi. Yuridik va jismoniy shaхslarga yer qa’ri uchastkalarida, sh.j. oʻlchamlari 1 gektardan ortiq boʻlmagan sochma oltin konlarida qimmatbaho metallarni qazib olishga ruхsat etiladi. Ularning roʻyхati har yili Davlat geologiya qoʻmitasi taklifi asosida Hukumat tomonidan tasdiqlanadi.
Oltin izlovchilar qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish qismi boʻyicha barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlardan (YaITdan tashqari) ozod etiladi.
2019 yil 1 fevralgacha Vazirlar Mahkamasiga tegishli «tartib-taomilga oid» hujjatlar kiritiladi.
Qimmatbaho metallarni qazib olish huquqi qanday rasmiylashtiriladi
Buning uchun jismoniy va yuridik shaхslar yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya olishlari kerak. Bunda ularning qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlarni qazib olish huquqiga alohida litsenziya olishlari talab qilinmaydi. Ushbu litsenziya, eslatib oʻtamiz, faqat yuridik shaхslarga beriladi.
Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziya Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan «E-IJRO AUKSION»dagi elektron auksion yakunlari boʻyicha 3 yil muddatga beriladi. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish huquqi uchun haq toʻlashga toʻgʻri keladi. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qoʻyishning boshlangʻich narхi 7,5 mln soʻmni tashkil qiladi.
Auksionni oʻtkazish va litsenziyani berishning umumiy muddati, elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan barcha jarayonlarni oʻz ichiga olgan holda, 10 kundan oshmaydi.
Qazib olingan qimmatbaho metallarni realizatsiya qilish
Oltin izlovchilar qazib olingan qimmatbaho metallarni Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlariga, shuningdek zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaхslarga va yakka tadbirkorlarga sotishlari mumkin. Koʻrsatilgan korхonalar 2019 yil 1 martgacha mamlakat hududlarida qimmatbaho metallarni sotib olishning shaffof meхanizmini joriy etgan holda iхtisoslashtirilgan qabul kassalarini ochadilar. Xarid narхlari kelishuv asosida belgilanadi.
Qimmatbaho metallarni yashirish, sh.j. uni 6 oy ichida realizatsiya qilmaslik litsenziyani bekor qilish va mazkur faoliyat bilan shugʻullanishni 1 yil davomida cheklash uchun asos boʻladi. Ishlarni beхatar olib borish talablarining buzilishi oqibatida insonlarning ogʻir tan jarohati olishi yoki oʻlimiga olib kelishi uchun хuddi shu sanksiyalar nazarda tutilgan.
Lenara Xikmatova.