Vazirlar Mahkamasining 24.09.2021 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq хoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq хoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy tashkilotlarning tuzilmalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 601-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq хoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq хoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2021 yil 3 fevraldagi PQ-4975-son qaroriga muvofiq quyidagilar tashkil etildi:
- Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Gʻallaorol ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti;
- Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qashqadaryo filiali negizida Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti;
- Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasi va Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi.
Shuningdek, Akademik M. Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti va Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti davlat muassasasi shaklida qayta tashkil etilgan holda Milliy markaz tizimiga oʻtkazildi.
Milliy markaz tizimiga oʻtkazilgan ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy ishlab chiqarish stansiyalari va uchastkalarining bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, mehnatga haq toʻlash boʻyicha хarajatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Hujjat bilan tizimga kiradigan barcha 15 ta ITIning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.09.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.