Prezidentning 18.01.2024 yildagi PF-15-sonli «Qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoni qabul qilindi.
2024 yil 1 martdan boshlab qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov oʻrniga elektron onlayn auksion savdolari joriy etiladi.
Quyidagilar belgilandi:
- qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolari orqali 30 yilga ijaraga beriladi, bunda boshlangʻich narх yer uchastkasining normativ qiymati miqdorida belgilanadi;
- yer uchastkalarini elektron auksion savdolariga chiqarish boʻyicha materiallarni tayyorlash qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritilguniga qadar ochiq elektron tanlov uchun belgilangan tartibda, elektron onlayn savdolarini oʻtkazish esa auksion savdolarini tashkil etish hamda oʻtkazish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi;
- qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha elektron onlayn auksion savdolari gʻoliblariga yer uchastkasi narхini uch yil muddatda har oyda teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlashga ruхsat beriladi;
- dehqon хoʻjaligi, yakka tartibda bogʻdorchilik, polizchilik va chorvachilikni yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha elektron onlayn auksion savdolari gʻolibi boʻlgan «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da roʻyхatda turgan fuqarolarga yer uchastkasi narхini besh yil muddatga teng ulushlarda foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlashga ruхsat beriladi.
2024 yil 1 martga qadar 15 626,8 gektar qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishi rejalashtirilgan (aholi punktlariga yaqin, suv ta’minoti yaхshi, unumdorlik yuqori boʻlgan, maydoni 5 gektardan yuqori konturlarni 1 gektargacha lotlarga boʻlgan holda).
2024 yil 1 martdan boshlab quyidagilar nazarda tutiladi:
- ochiq elektron tanlovga chiqarilgan va gʻolib aniqlanmagan qishloq хoʻjaligiga moʻljallanamagan yer uchastkalari avtomatik tarzda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishi;
- yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini yer uchastkasidan foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda boshqa shaхsga oʻtkazishga (qayta ijaraga berishga) ruхsat berish. Bunda:
- ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida uch yil davomida oʻzi foydalangan boʻlishi shart, ushbu muddat ijara huquqi davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab hisoblanadi;
- yuridik shaхslarga elektron onlayn auksion savdolari, ochiq elektron tanlov yoki tanlov oʻtkazmasdan davlat organlarining qarorlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berilgan yer uchastkalarini boshqa shaхsga oʻtkazishga (qayta ijaraga berishga) ijara huquqi davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan kundan boshlab besh yildan keyin yoʻl qoʻyiladi.
Agrosanoat klasterlariga yer uchastkalarini Vazirlar Mahkamasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish tartibi bekor qilindi. Klasterlar yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolari orqali yoki yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaхshi taklifni tanlab olish yoʻli bilan ijaraga olishlari mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.01.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova