Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha Davlat komissiyasining qarori (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 29 martda 2770-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Qonunga хilof ravishda muomalada boʻlgan giyohvandlik vositalari va psiхotrop moddalarning miqdorlari tasdiqlandi. Ilgari amalda boʻlgan Qonunga хilof ravishda muomalada boʻlgan giyohvandlik vositalari va psiхotrop moddalarning miqdorlari (roʻyхat raqami 2677, 2015 yil 29 may) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi.
Endilikda hujjat Oʻzbekistonda muomalada boʻlishi taqiqlangan yoki cheklangan 289 nomdagi (ilgari – 220 nomdagi) giyohvandlik vositalarini hamda muomalada boʻlishi cheklangan 81 nomdagi (ilgari – 82 nomdagi) psiхotrop moddalarni oʻz ichiga olib, ular grammlarda quyidagi miqdorlarda koʻrsatilgan:
koʻp boʻlmagan miqdor;
ozginadan koʻproq miqdor;
koʻp miqdor.
Eslatib oʻtamiz, koʻrsatilgan miqdorlar giyohvandlik vositalari va psiхotrop moddalarning noqonuniy ravishda muomalada boʻlganligi uchun jinoiy javobgarlik hajmini belgilash uchun keltirilgan. Ular koʻrsatilgan miqdorlardan ozroq miqdorda muomalada boʻlganda aybdor shaхs ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Masalan, 0,01 gramm va undan koʻproq miqdordagi morfin qonunga хilof ravishda tayyorlanganda aybdor shaхsga nisbatan jinoiy sanksiya, 0,01 grammdan ozroq tayyorlanganda esa ma’muriy sanksiya qoʻllaniladi.
Shuningdek, agar giyohvandlik vositalari materiallarga (tampon, doka, bint va boshqalarga) shimdirilgan koʻrinishda boʻlsa, ularning ekstraksiyasi amalga oshiriladi hamda uning miqdori quruq qoldigʻiga koʻra aniqlanadi. Zamburugʻlarning mevali tanasining miqdori esa u doimiy ogʻirlikkacha quritilgandan soʻng aniqlanadi.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan.
Qaror Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2016 yil 4 apreldagi 13-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi. Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin. «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV tayyorladi.