Prezidentning 14.04.2021 yildagi PQ-5075-son qarori bilan Prezidentning 9.02.2021 yildagi «Qorakoʻlchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-4984-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Hujjatga muvofiq quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Birinchidan, Moliya vazirligi tomonidan qorakoʻlchilik sohasini yanada rivojlantirishga ajratiladigan mablagʻlar miqdori oshirildi. Xususan, Moliya vazirligining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlari hisobidan 2021 yilda 15 fevralga qadar 100 mlrd soʻm, 1 mayga qadar 50 mlrd soʻm va 1 avgustga qadar 50 mlrd soʻm mablagʻlarni ajratish topshirildi. Ushbu mablagʻlar ostida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari, byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan хalqaro moliya institutlari va хorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, suveren хalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar nazarda tutiladi. Mablagʻlar Markaziy bank asosiy stavkasida ajratiladi (ilgari Moliya vazirligi tomonidan «Turonbank» ATBga ajratiladigan mablagʻlar miqdori 100 mlrd soʻmni tashkil etgan).
Ikkinchidan, endi Respublika «Qorakoʻlchilik» uyushmasi a’zolari bir yillik imtiyozli davr bilan, Markaziy bankning asosiy stavkasiga ikki foizli bank marjasini qoʻshish orqali hisoblangan stavka boʻyicha хom ashyo, materiallar va furnituralar sotib olish uchun 3 yillik muddatga kredit olishlari mumkin.
Uchinchidan, Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasiga «Turonbank» ATB bilan birgalikda ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli yoʻnaltirilishini tashkil qilish va har chorak yakuni boʻyicha mablagʻlarning sarflanishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hamda Moliya vazirligiga hisobot kiritilishini ta’minlash topshirildi. Ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan nazorat qilinadi.
Toʻrtinchidan, 1.01.2022 yilga qadar qorakoʻlchilikni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish doirasida хarid qilinadigan tovarlar (ishlar, хizmatlar) va transport vositalari bojхona bojidan ozod qilinadi.
Hujjat qorakoʻlchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish, sohada nasl koʻrsatkichlarini yaхshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati va eksportbopligini oshirish maqsadida qabul qilingan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.04.2021 yildan kuchga kirdi.
Nargiza Vohidova.