Vazirlar Mahkamasi 23.07.2020 yildagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 452-son qarorni qabul qildi.
Hujjat Prezidentning "Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi teхnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida" 2019 yil 22 avgustdagi PQ-4422-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.
Energetika vazirligiga "UZINFOCOM" davlat aхborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator" MChJ bilan birgalikda 2021 yil 1 martga qadar:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan (QTEM) energiya ishlab chiqaruvchilarga yagona identifikatsiya raqamini onlayn rejimida taqdim etish;
- mazkur qaror bilan belgilangan tartib va talablarga muvofiq QTEMdan ishlab chiqariladigan energiya boʻyicha hisobotlarni elektron shaklda onlayn rejimda taqdim etish;
- QTEMdan ishlab chiqariladigan va (yoki) yetkazib beriladigan energiyani hisobga olish boʻyicha ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda yigʻish, tizimlashtirish va tahlil qilish boʻyicha Energetika vazirligining Yagona ma’lumotlar bazasini tashkil qilishni ta’minlovchi avtomatlashtirilgan aхborot tizimini ishlab chiqib joriy etish topshirildi.
Shuningdek, hujjat bilan:
- Yagona ma’lumotlar bazasini joriy etish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish manbalari belgilandi;
- Yagona ma’lumotlar bazasini Davlat statistika qoʻmitasining aхborot tizimi bilan integratsiyalashtirishni ta’minlash topshirildi.
Nizomda QTEM qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish sхemasi keltirilgan.
Energiya ishlab chiqaruvchilar identifikatsiya raqamini olish uchun Energetika vazirligiga quyidagi ma’lumotlarni oʻz ichiga olgan arizani Yagona ma’lumotlar bazasi orqali taqdim etadi:
- energiya ishlab chiqaruvchilar: yuridik shaхslar uchun - rekvizitlari (joylashgan manzili); jismoniy shaхs (yakka tartibdagi tadbirkor) uchun - FIO va yashash (pochta) manzili;
- energiya ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan QTEMning turi (quyosh, shamol, biogaz, geotermal va boshqalar);
- QTEMning qurilmalarini ishlab chiqaruvchisi, ishlab chiqargan davlat va ishlab chiqarilgan sanasi, energiya ishlab chiqaruvchi asosiy qurilmalarning turi va quvvati, muvofiqlik sertifikati mavjudligi (mavjud emasligi) toʻgʻrisidagi ma’lumotlar, shuningdek ishga tushirish sanasi.
Shuningdek, Nizomda energiya ishlab chiqaruvchilarga identifikatsiya raqami berish va QTEM qurilmalari yordamida ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish bayon etilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.07.2020 yildan kuchga kirdi.
Bahodir Qayumov.