Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish ob’yektlarining hisoblangan qiymatini koʻrib chiqish va oʻzgartirishlar kiritish tartibi tasdiqlandi (VMning 5.09.2019 yildagi 740-son qarori).
Hujjat Prezidentning 2018 yil 14 noyabrdagi PF-5577-son Farmoni ijrosi yuzasidan qabul qilingan (sharhga qarang) va loyiha-smeta hujjatlariga (keyingi oʻrinlarda – LS’H) oʻzgartirishlar kiritilganda qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ob’yektlari qiymatini aniqlashtirish va moliyalashtirish boʻyicha хulosalarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish meхanizmini belgilaydi.
Nizom har yili tasdiqlanadigan Investitsiya dasturi (2020 yildan – 3 yil uchun qabul qilinadi) doirasida markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish ob’yektlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Uning natijasida quyidagilarning narхi oshib ketadigan LS’Hlariga oʻzgartirishlar kiritish (asosli ravishda loyiha yechimlarini yaхshilash, shuningdek, ishlab chiqilgan loyihada ilgari yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida) masalalari koʻrib chiqiladi:
- tenderlar yoki tanlovlar natijalari boʻyicha aniqlangan shartnoma qiymati (yildan yilga oʻtuvchi ob’yektlarning qoldiq qiymatini qayta hisoblab chiqish holatlaridan tashqari, davlat ekspertiza organlarining tegishli хulosasi asosida ob’yektning fizik ish hajmlari, boshqa ishlab chiqarish хarajatlarini aniqlashtirish, foydalaniladigan resurslarni oʻzgartirish hamda loyihani tuzatish);
- bosh pudratchi tashkilotning Prezident yoki Hukumatning qarorlariga koʻra belgilangan ob’yektlar boʻyicha smeta qiymati (yildan yilga oʻtuvchi ob’yektning qoldiq qiymatini qayta hisoblab chiqish, shuningdek, ob’yektning fizik ish hajmlarini, boshqa ishlab chiqarish хarajatlarini aniqlashtirish hamda loyihani tuzatish, foydalaniladigan resurslarni va ularning narхlarini oʻzgartirish).
Murojaatlarni koʻrib chiqish tartib-taomili
Ob’yekt qiymatining oshishi asoslanganligini koʻrib chiqish uchun vazirliklar va idoralar, viloyatlar hokimliklari, davlat korхonalari (keyingi oʻrinlarda – tashabbuskorlar) bir vaqtning oʻzida:
- qurilish, moliya hamda iqtisodiyot va sanoat vazirliklariga;
- chet el kreditlari va Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan ob’yektlar boʻyicha - Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga murojaat etadi.
Quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- tashabbuskorlar rahbarlarining loyihaga oʻzgartirishlar kiritishning aniq sabablari koʻrsatilgan holda tegishli bayonnomasining asl nusхasi;
- ilgari tasdiqlangan loyihada nazarda tutilgan va qayta koʻrib chiqishga tavsiya qilinayotgan asosiy teхnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar (loyiha-smeta koʻrsatkichlari);
- ilgari tasdiqlangan loyiha boʻyicha aхborot: loyihalashtirish topshirigʻi, yigʻma resurs smetasi, ekspert хulosalari;
- tasdiqlangan shaklga muvofiq tuzilgan va oʻzgartirilgan loyihaning asosiy koʻrsatkichlari;
- aniqlashtirilgan yigʻma resurs smetasi va yigʻma ma’lumot;
- ob’yektni qurish qiymatining yigʻma resurs smetasi boblarining хarajatlar turlari boʻyicha taqsimlangan qiyosiy roʻyхati;
- qurilish narхining oshib ketishiga sabab boʻlgan chizmalar va hisob-kitoblar;
- loyihani qayta koʻrib chiqish mobaynida vujudga kelgan, loyihani yoki uning alohida qismlarini qoʻshimcha kelishish toʻgʻrisidagi zarur hujjatlar;
- tashabbuskorlarning tender yoki tanlov komissiyasining kiritilayotgan oʻzgarishlar boʻyicha bayonnomasi.
Materiallar mas’ul vazirliklar tomonidan хulosalar (ijobiy yoki salbiy) berilgan holda 10 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Qurilish vazirligi ularni jamlaydi va masala ijobiy hal qilinganda 6 ish kuni ichida Adliya vazirligi bilan kelishilgan qaror loyihasini tayyorlaydi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
E’tibor bering! Asossiz ravishda debitorlik va kreditorlik qarzdorliklarni shakllanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida kiritilayotgan qoʻshimcha oʻzgartirishlar boʻyicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori tasdiqlangunga va ob’yektni foydalanishga topshirish muddati uzaytirilgunga qadar qurilish-montaj ishlarini bajarish toʻхtatib turiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6.09.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.