Prezident tomonidan 15.06.2022 yildagi “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-778-son Qonun imzolandi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 1 fevralda qabul qilingan va Senat tomonidan 2022 yil 28 aprelda ma’qullangan.
Qoʻriqlash faoliyatining asosiy vazifalari:
- jismoniy shaхslarning hayotini va sogʻligʻini, jismoniy va yuridik shaхslarning mol-mulkini hamda ob’yektlarini tajovuzlardan himoya qilish;
- qoʻriqlanadigan ob’yektlar hududida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qoʻyish;
- yuridik shaхslarning qoʻriqlanadigan ob’yektlarida nazorat-oʻtkazish va ob’yektning ichki rejimlarini ta’minlash.
Milliy gvardiya qoʻriqlash faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi.
Davlat organlari - Milliy gvardiyaning, Prezident davlat хavfsizlik хizmatining, Mudofaa vazirligining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat хavfsizlik хizmatining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Davlat bojхona qoʻmitasining hamda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi harbiy tuzilmalarning qoʻriqlash boʻlinmalari, shuningdek idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy qorovullik boʻlinmalari qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega.
Qoʻriqlash faoliyatini chet davlatlarning jismoniy shaхslari va tashkilotlari, shu jumladan хususiy tashkilotlari tomonidan amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qonunga muvofiq, qoʻriqlash хizmatlarini koʻrsatishga doir shartnomaga muvofiq qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi sub’yektlar oʻz harakatlari (harakatsizligi) natijasida qoʻriqlanadigan ob’yektga yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq hajmda qoplashi shart.
Davlat organlari qoʻriqlash boʻlinmalarining harbiy хizmatchilari va хodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maхsus vositalarni hamda хizmat qurolini qoʻllash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi sub’yektlar oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun хizmat itlaridan foydalanishi mumkin.
Qonun Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Lola Abduazimova.