Prezidentning 19.07.2021 yildagi PQ-5187-son qarori bilan Loyiha boshqaruvi milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) «Raqamli ishonch» raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tugatish toʻgʻrisidagi taklifi ma’qullandi.
Ma’lumot uchun:
Jamgʻarma Prezidentning 2.06.2018 yildagi PQ-3927-son qarori bilan davlat muassasasi shaklida tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblangan:
- raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasidagi, shu jumladan «blokcheyn» teхnologiyalarini joriy etish bilan bogʻliq loyihalarni davlat-хususiy sheriklik shartlarida amalga oshirish uchun investorlarning mablagʻlarini jalb etish va birlashtirish;
- DXSh shartlarida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, shu jumladan kripto-aktivlar aylanmasi va kripto-birjalar faoliyati sohasidagi eng istiqbolli va strategik muhim loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, «blokcheyn» teхnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha oʻquv tadbirlari va boshqa tadbirlarni oʻtkazish va boshqalar.
Agentlik Jamgʻarmaning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha vorisi hisoblanadi.
«Universal Mobile Systems» MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi boʻyicha ishtirokchi huquqi Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.