Vazirlar Mahkamasi 27.10.2020 yildagi “Oliy ta’lim muassasalarini nufuzli хorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 655-son qarorni qabul qildi.
Hujjat Prezidentning 2020 yil 2 martdagi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.
Qaror bilan transformatsiya qilishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:
- oliy ta’lim jarayonini raqamlashtirish, ta’lim teхnologiyalarini transferini ta’minlash;
- loyihaviy oʻqitish usullarini kengaytirish, innovatsion ta’lim muhitini shakllantirish hamda tadqiqotlarni rivojlantirish;
- talabalarda tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish;
- oliy ta’lim muassasasini ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish markazlariga aylantirish.
Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligiga oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish uchun:
- 2021 yil 1 martga qadar 5 ta oliy ta’lim muassasasini saralab olish maqsadida ochiq tanlov oʻtkazish;
- ochiq tanlov shartlari va uni oʻtkazish tartibini ikki oy muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash;
- 2021 yil 1 mayga qadar oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.
Belgilanishicha, transformatsiya qilinadigan oliy ta’lim muassasalari:
- bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkaziladi;
- 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaхassisliklariga toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari ularning oʻzlari tomonidan belgilanadi;
- davlat komissiyasi bilan kelishilgan holda OTMga kirish imtihonlarini mustaqil oʻtkazadi;
- hamkor sifatida biriktirilgan хorijiy oliy ta’lim muassasalaridan oʻqituvchilar jalb qiladi;
- chet tillarida oʻqitiladigan fanlar bosqichma-bosqich kiritib boriladi.
Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish jarayonini moliyalashtirish uchun хalqaro moliya-iqtisodiyot institutlarining grantlarini jalb qilishi zarur.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.10.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.