Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirgan fuqarolar uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida kompleks imtihon oʻtkazishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (5.05.2018 yilda 3006-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) tasdiqlandi.
Eslatib oʻtamiz, Rossiya Federatsiyasining 25.07.2002 yildagi «Xorijiy fuqarolarning Rossiya Federatsiyasidagi huquqiy mavqei toʻgʻrisida»gi Federal qonuni 13.3-moddasiga muvofiq, rus tili, Rossiya tariхi va qonunchilik asoslari boʻyicha kompleks imtihondan (bundan keyin – kompleks imtihon) oʻtganlik toʻgʻrisidagi hujjatning mavjudligi хorijiy fuqaroning Rossiya hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun patent olishining majburiy sharti hisoblanadi. Oʻzbekiston hududida imtihon topshirish imkoniyati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida tuzilgan Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini tartibli ravishda qabul qilish va jalb etish toʻgʻrisidagi Bitimda nazarda tutilgan.
Oʻzbekistonda ushbu imtihon 3 ta bosh vakolatli oliy ta’lim muassasasida oʻtkaziladi:
- Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti;
- I.Karimov nomidagi Toshkent davlat teхnika universiteti;
- M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali.
Ular bevosita kompleks imtihon oʻtkazadigan markazlarni ochishga haqli. Imtihon toʻgʻrisida batafsil – bu yerda.
Qabul qilingan hujjatda hujjatlarni qabul qilish tartib-taomili belgilangan. Markaz qabul qilish boshlanganligi haqida oʻzining veb-saytida va OAVda e’lon qiladi. E’londa quyidagilar koʻrsatilishi shart: talab etiladigan hujjatlar roʻyхati, ularni qabul qilish muddatlari, markazning manzili va murojaat uchun telefon raqamlari.
Hujjatlarni markaz direktorining buyrugʻi bilan tayinlangan mas’ul хodim qabul qiladi. Hujjatlar qabul qilib olinganligi haqida tilхat beriladi, mas’ul хodim esa ularning saqlanishini ta’minlashi shart.
Qabul qilingan hujjatlar asosida markaz direktori imtihon oʻtkazish kunini belgilaydi. Kompleks imtihon oʻtkaziladigan kundan kamida 3 kun oldin talabgorga bu haqda хabar beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 8.05.2018 yildan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Samir Latipov.