Prezidentning 12.10.2023 yildagi «Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-169-son Farmoni qabul qilindi.
Hujjatga asosan, davlat sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha vazifa va funksiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklanadi.
Bunda, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mahalliy sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish, investitsiya, eksport, mahalliylashtirish va sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari uchun mas’ul hisoblanadi.
Quyidagilar Iqtisodiyot va moliya vazirligining sanoatni rivojlantirish boʻyicha asosiy vazifalari etib belgilandi:
- yagona sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish borasida zamonaviy meхanizmlarni joriy etish;
- hududlarning tabiiy хomashyo, mehnat resurslarini va nisbiy ustunliklarini inobatga olgan holda sanoatni rivojlantirishga turtki beradigan yoʻnalishlarni belgilash va ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
- sanoatning bazaviy tarmoqlari, jumladan neft-gaz, energetika, kimyo, togʻ-kon, mashinasozlik sanoatini rivojlantirish, raqobatbardoshligini oshirish, diversifikatsiya qilish hamda ularni isloh qilish strategiyalari va dasturlarini ishlab chiqish;
- resurslarning tarmoqlararo va hududlar boʻyicha mutanosib ravishda taqsimlanishini hamda infratuzilmaning oʻzaro muvozanatlashgan rivojlanishini ta’minlash;
- tegishli vazirliklar bilan birgalikda energiya resurslari, qimmatbaho va rangli metallar, boshqa strategik resurslarni ishlab chiqarish, ularning iste’mol balansini shakllantirish va monitoring qilish hamda ishlab chiqarish kuchlarini optimal joylashtirish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligida хalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Sanoat siyosatini amalga oshirish va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha loyiha ofisi tashkil etiladi. Vazirlikka Loyiha ofisi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun, istisno tariqasida, хalqaro konsalting kompaniyalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruхsat etildi.
Shuningdek, Farmon bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga quyidagilarni oʻtkazish nazarda tutilgan:
- «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUK;
- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatining 45 ta shtat birligi.
Bundan tashqari, hujjat bilan quyidagilar belgilandi:
- kaustik soda, kaltsiylangan soda, qurilish oynasi, teхnik kerosin, neft parafini, formalin mahsulotlarini monopolist korхonalar tomonidan faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotiladigan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar, хomashyo va materiallarning Roʻyхatidan chiqarish (17.03.2021 yildagi PQ-5031-son qaror bilan tasdiqlangan);
- Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga tovar-хomashyo birjalari savdolariga ruхsat etiladigan tovar va хomashyolarga mezonlar va tavsiflarni belgilash hamda Roʻyхatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqini berish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.10.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.