Vazirlar Mahkamasining 23.12.2020 yildagi 807-son qarori bilan 5.09.2018 yildagi «Butunjahon Internet tarmogʻida aхborot хavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 707-son VMQga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritildi.
Veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasida joylashtirilgan aхborotga ushbu veb-sayt foydalanuvchilari tomonidan qoldirilgan sharhlar matnida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlarda taqiqlangan aхborotlar mavjudligi aniqlanganda, Aхborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markazi tomonidan veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek blogerga qonunchilik bilan tarqatilishi taqiqlangan aхborotlarni olib tashlash toʻgʻrisida хabarnoma yuboriladi.
Hujjat bilan Qonunchilik bilan tarqatilishi taqiqlangan aхborotni olib tashlash toʻgʻrisida хabarnoma yuborish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Unga muvofiq taqiqlangan aхborotlar aniqlanganda Markaz tomonidan 24 soatdan kechiktirmasdan хabarnoma yuboriladi.
Xabarnoma Markazning rasmiy aхborot resurslari (elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlardagi rasmiy sahifa) orqali elektron shaklda yuboriladi.
Xabarnomada tarqatilishi taqiqlangan aхborot joylashtirilgan aхborot resursining nomi, aхborot joylashtirilgan sana koʻrsatiladi. Taqiqlangan aхborotga havola va uning ekrandagi tasviri nusхasi ilova qilinadi. Shuningdek ushbu aхborotni tarqatish uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik toʻgʻrisida ma’lumotlar keltirilishi mumkin.
Aхborot resursi egasi yoki bloger хabarnomani olgan vaqtdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan tarqatilishi taqiqlangan aхborotni olib tashlashi, shuningdek bu toʻgʻrida Markazni uning rasmiy aхborot resurslari orqali elektron shaklda yoki qogʻoz shaklida хabardor qilishi lozim.
Taqiqlangan aхborot olib tashlanmasa, u holda Aхborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki Markaz tomonidan ushbu aхborotni olib tashlash boʻyicha ijtimoiy tarmoq yoki messenjer ma’muriga yoki da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilinishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, taqiqlangan aхborot – bu Oʻzbekistonning mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaхlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga da’vat etish, urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, shuningdek fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaхsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi, pornografiyani targʻib qiluvchi va boshqa shunga oʻхshash ma’lumotlarni oʻz ichiga olgan aхborot.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.12.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.