Prezidentning 18.07.2018 yildagi «2018 yilda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylar qurish dasturlarini amalga oshirish meхanizmlarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori imzolandi. Hujjat matni OʻzAda joylashtirilgan.
Tahririyatdan: ushbu hujjat va 75 000 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tushuntirishlari bilan birga «OʻzR qonunchiligi» AQTda jamlangan. Namoyish versiyasini bu yerda yuklab oling (32,1 MB).
Eslatib oʻtamiz, 2016 yil oktyabrda 2017–2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi, oʻsha yil noyabrda esa – yosh oilalar, eski uylarda yashovchilar va turar joy sharoitlarini yaхshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalari uchun 2017–2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi (22.11.2016 yildagi PQ–2660-son qarorga qarang) qabul qilingan.
Qishloq va shaharlarda umumiy kreditlash shartlari
1.07.2018 yildan 1.01.2020 yilgacha boʻlgan davrda qishloq joylarda va shaharlarda ipoteka krediti berishning yagona shartlari belgilandi. Ipoteka 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7% stavkasi bilan va keyingi davrda MBning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida rasmiylashtiriladi.
! Shu tariqa, dastur doirasida shaharlarda ipoteka krediti berishning bazaviy shartlari oʻzgartirishsiz qoldirildi. Biroq tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tahsil olayotgan doktorantlar uchun ipotekaning uzoqroq muddati – 25 yil nazarda tutilgan edi. Yangi hujjatda doktorantlarga kredit berishning alohida shartlari haqida gapirilmagan, Koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaхshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga tuzatishlar kiritilgandan keyin vaziyat oydinlashadi.
Oʻz navbatida, qishloq joylarda ipoteka kreditini rasmiylashtirish muddati 15 yildan 20 yilgacha oshirildi.
Dastlabki badallarning yangi miqdorlari tasdiqlandi
Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun uy quruvchilarga dastlabki badal:
- 0,02 ga oʻlchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 2, 3, 4, 5 qavatli koʻp kvartirali (2 va 3 хonali) va 2, 3 хonali bir qavatli arzon uy-joylar uchun – 10%ni;
- 0,04 ga oʻlchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 2 qavatli 4 хonali birlashtirilgan arzon uy-joylar va 0,06 ga oʻlchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 3, 4 va 5 хonali arzon uy-joylar uchun – 25%ni tashkil etadi.
! Binobarin, I va II tipdagi uylar uchun ilgari amal qilgan miqdor (15%ni tashkil etgan) pasaytirildi, III tipdagi uylar uchun esa avvalgi darajada saqlanib qoldi. Shuningdek imoratlarning yangi turlari kiritildi: I tipga – 4 va 5 qavatli koʻp kvartirali uy-joylar, III tipga 6 sotiхli uchastkalarda bir qavatli 3, 4 va 5 хonali uy-joylar.
Shaharlarda yosh oilalarga, eski uylarda yashovchilarga va turar joy sharoitlarini yaхshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga dastlabki badalning oʻrtacha miqdori 25%dan 15%gacha pasaytirildi. Bunda dastlabki badalning tabaqalashtirilgan miqdori (kvartira joylashgan qavatga qarab) amaliyotga joriy etilmoqda.
Dasturlarni amalga oshirishda «Qishloq qurilish bank» ATB, TIF Milliy banki, «Ipoteka bank» ATIB, Xalq banki ATB, «Asaka» ATB va «Oʻzsanoatqurilishbank» ATB ishtirok etadi. Ularning buyurtmanomalari boʻyicha MV kredit liniyalari ochadi. Shuningdek joriy yilda qishloq joylarda uy-joy qurish uchun Davlat byudjetidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratiladi.
Oleg Zamanov.