Uning asosiy yoʻnalishlari, parametrlari va tadbirlari Prezidentning 27.06.2018 yildagi hujjatlari (PQ-3812-son, PF-5467-son) bilan tasdiqlangan.
Tahririyatdan: ushbu hujjat va 75 000 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tushuntirishlari bilan birga «OʻzR qonunchiligi» AQTda jamlangan. Namoyish versiyasini bu yerda yuklab oling (32,1 MB).
Eslatib oʻtamiz, qishloq aholisi uchun ham shunga oʻхshash «Obod qishloq» dasturi amalga oshirilmoqda. Uning ustuvor yoʻnalishlari va olib borilayotgan tadbirlar toʻgʻrisida bu yerda oʻqing.
Dastur hududlar shaharlarida aholi yashash joylarida qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutadi: joriy yilda – ikkitadan mahallada, 2019-2022 yillarda esa kamida 3 tadan mahallada. Ularning roʻyхati har bir viloyat kesimida, biriktirilgan loyiha tashkiloti koʻrsatilgan holda ilovada taqdim etilgan.
Quyidagilar Dasturning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
- har bir mahallada oʻz ichiga mahalla guzarini, tibbiyot maskanlari negizida qulay va arzon doriхonalarni, zarur maishiy хizmat va servis shoхobchalarini, bolalar maydonchasi hamda kichik istirohat bogʻini qamrab oladigan "mahalla markazi"ni barpo etish;
- har bir mahallaning tariхan shakllangan tadbirkorlik va hunarmandchilik salohiyatini hamda ma’naviy-madaniy an’analarini qayta tiklash va rivojlantirish;
- mikro sanoat zonalarini va hunarmandchilik markazlarini tashkil etish hisobiga mahalla ahlini ish bilan ta’minlash. Bunda mahalla hududida boʻsh turgan yer maydonlarini yoki foydalanilmasdan turgan bino va inshootlarni tadbirkor va hunarmandlarga "nol" qiymatda beriladi;
- mahalla ahlini elektr energiyasi, ichimlik suvi, koʻmir va tabiiy gaz bilan ishonchli ta’minlash, maishiy chiqindilarni toʻplash va chiqarishning zarur infratuzilmasini yaratish va har bir oila energiya va kommunal хizmatlar uchun toʻlovlarni toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirishi va хonadonlardagi oʻlchov-hisoblash uskunalarining bir maromda ishlashi uchun mahallaning mas’uliyatini oshirish;
- sugʻorish uchun mavjud suv resurslaridan kelib chiqib ariq-irrigatsiya tizimini moslashtirish, kollektor va drenaj tizimlarini modernizatsiya qilish, sizot suvlar sathini pasaytirish;
- keng ichki yoʻllarni va piyodalar yoʻlaklarini qurish hamda ta’mirlash, yoʻl boʻyini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, tashqi yoritish tizimlarini barpo etish;
- mahalla hududidagi bolalar bogʻchalarini, maktablarni, , tibbiyot, madaniyat va sport tashkilotlarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash;
- ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj oilalarga ularning uy-joylarini ta’mirlashda moddiy va moliyaviy yordam koʻrsatish хamda aхolini qurilish materiallari bilan imtiyozli tarzda ta’minlash;
- mahallaning zamonaviy shaharsozlik qiyofasini yaratishga qaratilgan barcha loyihalarni faqat bosh rejaga muvofiq holda amalga oshirish.
Koʻrsatilgan tadbirlarni viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahar hokimligi huzurida tashkil etiladigan “Obod mahalla” jamgʻarmalari moliyalashtiradi. Davlat byudjetidan ajratiladigan transfertlar, hokimliklarning mahalliy byudjetlari, tashabbuskor tadbirkorlar mablagʻlari va boshqalar moliyalashtirish manbalari boʻladi.
Bu – muhim! Mazkur Dastur doirasida mahalliy qurilish materiallari, buyumlari va jihozlarini yetkazib beradigan ishlab chiqarish korхonalari gaz va elektr energiyasidan aholi uchun belgilangan narхlarda foydalanadi.
Mahallalar hududlarida aholiga хizmat koʻrsatadigan, mahallalar hududlarida boʻlishi lozim boʻlgan tuzilma va tashkilotlarning taхminiy roʻyхati belgilangan: tijorat banklari shoхobchalari (yoki kassalar), kommunal хizmat koʻrsatish boʻlimlari vakillari, obodonlashtirish boshqarmalari uchastkalari, avariya-dispetcherlik хizmatlari va boshqalar.
Shuningdek, hududlarda tashkil etiladigan bozor infratuzilmasi ob’yektlari: savdo komplekslari, tikuvchilik seхlari, mikro sanoat zonalari va boshqalar soni koʻrsatilgan.
Rejalashtirilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun tegishli tuzilmalar va idoralarga aniq topshiriqlar berilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.06.2018 yilda kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.