Prezident tomonidan 2024 yil 10 sentyabrdagi “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-960-son Qonun imzolandi.
Ma’muriy islohotlar doirasida bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini transformatsiya qilish munosabati bilan Shaharsozlik kodeksiga ushbu organlarning nomi va vakolatlarini aniqlashtirish, shuningdek aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish uchun tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun bilan Shaharsozlik kodeksiga Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish Bosh tarhini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini ishlab chiqish yoʻli bilan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar ham kiritilmoqda.
Hujjatning qabul qilinishi shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq muddatli prognozlariga muvofiq shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash tizimini takomillashtirishga хizmat qiladi.
Hujjat “Xalq soʻzi” gazetasida e’lon qilingan va 2024 yil 11 sentyabrdan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova