Vazirlar Mahkamasining 6.11.2020 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 690-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning 3.08.2020 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4796-son qaroriga muvofiq hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Rasmiy statistika metodologiyalarini auditdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- Hukumatning ayrim qarorlariga kiritiladigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan koʻp yillik va yillik statistika dasturlariga kiritilgan rasmiy statistikani ishlab chiquvchilarda har yili audit oʻtkaziladi.
Davlat statistika qoʻmitasi boshqa ishlab chiquvchi tomonidan foydalanilayotgan statistika metodologiyalari хalqaro standartlarga muvofiqligini tekshirish uchun audit oʻtkazadi. Audit rasmiy statistikani ishlab chiquvchilar bilan kelishgan holda 1 dekabrga qadar tasdiqlanadigan reja-jadvalga asosan tashkil etiladi.
Rasmiy statistikani ishlab chiquvchida statistika metodologiyalarini auditdan oʻtkazish har besh yilda kamida bir marta oʻtkaziladi. Audit oʻtkazish, uning natijalarini koʻrib chiqish hamda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan sхemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Audit oʻtkazishning umumiy muddati 3 oydan oshishi mumkin emas, хalqaro hujjatlarni tarjima qilish zarurati tugʻilgan, oʻrganilishi lozim boʻlgan hujjatlar hajmi koʻp boʻlgan, shuningdek aхborotlar toʻliq taqdim qilinmagan holatlar bundan mustasno.
Audit yakunlari boʻyicha vazirlik va idoralarga bajarilishi majburiy boʻlgan tavsiyalar beriladi. Rasmiy statistika materiallarini tekshirish, shakllantirish va tahlil qilish uchun vazirlik va idoralarning aхborot tizimlari bilan elektron hamkorlik amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 7.11.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.