Vazirlar Mahkamasining 21.07.2023 yildagi “Toʻlovga qobiliyatsizlik sohasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilganligini munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Huqumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 304-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Sud boshqaruvchilari, ularni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) oʻtkazish va malaka attestatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda, ularga koʻra:
- sud boshqaruvchisining 1-3 toifadagi malaka attestatini olish uchun imtihondagi eng kam toʻgʻri javoblar foizi oʻzgarmoqda:
- 4-toifa uchun – kamida 50% (oʻzgarishsiz);
- 3-toifa uchun – kamida 65% (ilgari 60%);
- 2-toifa uchun – kamida 75% (ilgari 70%);
- 1-toifa uchun – kamida 85% (ilgari 75 %);
- nomzodlar tomonidan yuqoriroq toifadagi attestatni olish istagi bildirilganda qayta test topshirish uchun qayta murojaat qilish muddati belgilanmoqda: birinchi attestatsiyadan kamida 1 oydan soʻng;
- sud boshqaruvchilari tomonidan belgilangan talablarni buzilganda attestatsiya tomonidan ushbu holatlarni koʻrib chiqish tartibi belgilanmoqda.
Quyidagi holatlar ishni koʻrib chiqish uchun asos etib belgilanmoqda:
- Davaktiv agentligi va uning hududiy organlarining sud boshqaruvchisi faoliyatida aniqlangan huquqbuzarlik alomatlari toʻgʻrisida ma’lumotnoma va tekshirish dalolatnomalari;
- davlat boshqaruvi organlari, mahalliy хokimiyat organlarining ma’lumotlari, jismoniy va yuridik shaхslarning ariza va shikoyatlari, OAVdagi ma’lumotlar;
- sud va huquqni muhofazaa qiluvchi organlarning sud boshqaruvchisi tomonidan huquqbuzarlikka yoʻl qoʻyilganligi haqida ma’lumot, taqdimnoma, ajrim.
Ishni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha komissiya qaror qabul qilib Davaktiv agentligiga yuboradi.
Qarorga asosan Davaktiv agentligi sud boshqaruvchisiga kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir oylik (bir oygacha uzaytirish imkoniyati mavjud) muhlat beradi yoki attestatni toʻхtatib turish yoхud toʻхtatish haqida qaror qabul qiladi.
Shuningdek, Soхta bankrotlik, bankrotlikni yashirish va qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlarini aniqlash Qoidalariga oʻzgartirish kiritilmoqda. Unga koʻra, agarda qarzdor soʻnggi 2 yil ichida faoliyat yuritmagan boʻlsa, sud boshqaruvchisi tomonidan qarzdorning moliya хoʻjalik faoliyati yuritgan davrdagi 2 yillik faoliyati tahlil qilinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.07.2023 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.