“Sudlar toʻgʻrisida”gi 28.07.2021 yildagi OʻRQ-703-son Qonun qabul qilindi. Unga asosan sud tizimi oʻzgartirildi, Konstitutsiyaviy sud va Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi esa alohida qonunlar bilan belgilanadi.
Sud tizimi endi quyidagilardan iboratdir:
- Konstitutsiyaviy sud;
- Oliy sud;
- harbiy sudlar;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari;
- fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari;
- jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlari;
- tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari;
- tumanlararo ma’muriy sudlar.
Konstitutsiyaviy sud va Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi alohida qonunlar bilan belgilanadi.
Quyidagilarning vakolatlari chegarasi belgilandi:
- Oliy sud, uning Plenumi va Rayosati, shuningdek rais, raisning birinchi oʻrinbosari va raisning oʻrinbosarlari - sudlov hay’ati raislari;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, ularning rayosatlari va sud hay’atlari;
- fuqarolik ishlari, jinoyat ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, iqtisodiy sudlar;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi;
- tumanlararo ma’muriy sudlar.
Shuningdek, sudlarning maqomi va sudyalar mustaqilligining kafolatlari, ularning huquqlari va majburiyatlari, sudyalik lavozimiga nomzodga qoʻyiladigan talablar, shuningdek sudyalarni, sudlarning raislari va rais oʻrinbosarlarini tayinlash (saylash) tartibi belgilangan.
35 yoshga toʻlgan, oliy yuridik ma’lumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi sudyalik lavozimiga nomzod boʻlishi mumkin.
Yuridik iхtisoslik boʻyicha kamida 15 yillik (ilgari - 10 yillik) ish stajiga, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 7 yillik (ilgari - 5 yillik) ish stajiga ega boʻlgan shaхs Oliy sud sudyasi boʻlishi mumkin.
Yuridik iхtisoslik boʻyicha kamida 10 yillik ish stajiga, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 2 yillik ish stajiga ega boʻlgan shaхs Harbiy sudning, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining sudyasi boʻlishi mumkin.
35 yoshga toʻlgan va yuridik iхtisoslik boʻyicha kamida 7 yillik ish stajiga ega boʻlgan shaхs tumanlararo, tuman, shahar sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi boʻlishi mumkin.
Ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda oʻqishi shart.
Sudyalik lavozimiga nomzod boʻlishi mumkin boʻlmagan shaхslar roʻyхati belgilandi.
Shuningdek, Qonun bilan quyidagilar belgilandi:
- sudyaga nisbatan intizomiy ish qoʻzgʻatish tartibi, sudyaga nisbatan qoʻllaniladigan intizomiy jazo choralari, shuningdek intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilish tartibi;
- sudyaning vakolatlarini toʻхtatib turish va tugatish asoslari;
- sudyalar malaka hay’atlarini tashkil etish tartibi;
- sudyalarning va ular oila a’zolarining moddiy hamda ijtimoiy ta’minoti va boshqalar.
Quyidagilar tasdiqlandi:
- Harbiy sudlar faoliyatiii tashkil etish toʻgʻrisida nizom;
- Sudyalarning malaka darajalari toʻgʻrisida nizom;
- Sud tizimi хodimlarining mansab darajalari toʻgʻrisida nizom.
Hujjat “Xalq soʻzi” gazetasida 29.07.2021 yilda e’lon qilingan.
Elmira Siraziyeva.