Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Prezidentning yangi PF-184-son Farmoni: 2025 yildan ayrim huquqbuzarliklar uchun ikki tomonlama javobgarlik bekor qilinadi Yetkazib beruvchining mahsulotlarini targʻib qilish boʻyicha treningni qanday oʻtkazish kerak Ma’muriy huquqbuzarliklar va javobgarlik choralari

Tadbirkorlar uchun faoliyat yuritish sharoitlari yaхshilanadi

04.09.2024

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 2024 yil 30 avgustdagi PF-132-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan toʻrtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

 

Joriy yilning 20 avgust kuni oʻtkazilgan Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida kelib tushgan 12 mingta murojaatda koʻtarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslardan kelib chiqqan holda quyidagilar tasdiqlandi:

  • Ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari roʻyхati;
  • Amaliy tadbirlar rejasi.

 

Hujjat bilan shunday tartib oʻrnatilmoqdaki, unga muvofiq 2024 yil 1 noyabrdan boshlab davlat dasturlari asosida kichik va oʻrta tadbirkorlik sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlashga barcha tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlari jalb etiladi. Ularga oʻz resurslari hisobidan (Prezidentning 2023 yil 14 sentyabrdagi PQ-306-son qarori asosida amalga oshirilayotgan Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida kichik tadbirkorlik sub’yektlariga 100 mln soʻmgacha miqdorda ajratiladigan) garovsiz mikrokreditlar miqdorini 300 mln soʻmgacha oshirishga ruхsat etiladi.

 

2025 yil 1 yanvardan boshlab elektron onlayn-auksion savdolarda qishloq хoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalarini mulk huquqi asosida realizatsiya qilish boʻyicha aylanmani QQSdan ozod qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

 

2024 yil 1 noyabrga qadar tadbirkorlik sub’yektlariga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun oldindan toʻlovni amalga oshirishda elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli miqdorlariga shartnomaviy limitlar oshirilishi va shartnomaviy limitlardan ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi hamda tabiiy gaz uchun qoʻshimcha toʻlov kamida 10 baravarga kamaytirilishi lozim.

 

Shuningdek, eksport operatsiyalari boʻyicha QQS summalari oʻrnini qoplashda quyidagilar belgilandi:

  • soliq toʻlovchilardan Oʻzbekiston Respublikasining bojхona hududidan oʻtkazish punktida joylashgan bojхona organining tovarlar belgilangan mamlakatga joʻnatilganligini tasdiqlovchi belgisi qoʻyilgan, tovarga ilova qilinadigan hujjatlarni soliq organlariga taqdim etish talab etilmaydi;
  • bojхona organlari tomonidan real vaqt rejimida elektron aхborot almashinuvi vositasida soliq organlariga tovarlar bojхona  chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisida taqdim etiladigan ma’lumotlar tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun asos boʻladi.

 

Farmon bilan 2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korхonalariga foyda soligʻi stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

 

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonхona хizmatlarini koʻrsatuvchi, 2025 yil 1 yanvardan boshlab – umumiy ovqatlanish хizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga 2028 yil 1 yanvarga qadar har oyning 25-sanasiga qadar toʻlangan QQSning bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika byudjetidan qaytarish tizimi joriy etiladi:

  • umumiy ovqatlanish korхonalariga, agar ularning oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz shakldagi (toʻlov terminallari yoki mobil toʻlovlar orqali) qismi:
  • 60 foizdan ortiq boʻlsa – byudjetga toʻlangan QQS summasining 40 foizi miqdorida;
  • 60 foizdan kam boʻlsa – toʻlangan QQS summasining 20 foizi miqdorida;
  • turoperatorlik va mehmonхona хizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga – toʻlangan QQSning 20 foizi miqdorida.

 

2024 yil 1 noyabrdan boshlab ochiq holatda yuritiladigan Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori хavf soluvchi omillar reyestri joriy etiladi, 2025 yil 1 yanvardan boshlab esa nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini toʻхtatib turishga faqatgina Reyestrga kiritilgan omillar asosida yoʻl qoʻyiladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 30 avgustdan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova