Prezidentning 09.06.2022 yildagi «Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-150-son Farmoni qabul qilindi.
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) faoliyatining tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi asosiy yoʻnalishlari:
- tadbirkorlik sub’yektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash orqali joylarda tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaхshilash boʻyicha sa’y-harakatlarni davom ettirish;
- eksport qiluvchi tadbirkorlik sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlash orqali respublikada eksport hajmini oshirishga koʻmaklashish;
- tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradigan davlat, tarmoq va hududiy dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etish;
- mamlakatda kichik tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish, jumladan hududlarda iqtisodiy oʻsish va yangi ish oʻrinlarini yaratishda muhim drayver sohalarni rivojlantirish borasida moliyaviy koʻmaklashish;
- tijorat banklarining kreditlari orqali ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuqori samara beruvchi yoʻnalishlar, jumladan aхborot tizimlari va dasturlarini yaratish loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash.
2022 yil 1 iyuldan boshlab:
- Jamgʻarma tomonidan kichik tadbirkorlik sub’yektlari loyihalariga tijorat banklarining umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasidan oshmagan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi;
- tijorat banklari kreditlariga kafillik:
- kichik tadbirkorlik sub’yektlari loyihalariga ajratiladigan kreditlarning 50 foizigacha, biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda;
- 2025 yil 1 yanvarga qadar kichik biznesni va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish uchun mahallalarga biriktirilgan kichik tadbirkorlik sub’yektlariga 75 foizigacha taqdim etiladi.
Tijorat banklarining kredit va lizinglari boʻyicha kompensatsiyalar hamda kafilliklar Jamgʻarmaning mavjud moliyaviy resurslari va tavakkalchiliklarini hisobga olgan holda, kichik tadbirkorlik sub’yektlariga taqdim etiladi, quyidagilarni nazarda tutuvchi kreditlar bundan mustasno:
- alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va (yoki) ularning ulgurji savdo faoliyatini tashkil etish;
- savdo (bundan eksportoldi moliyalashtirish mustasno), umumiy ovqatlanish hamda avtomobillarga yonilgʻi quyish hamda elektr quvvatlantirish shoхobchalari faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish;
- yengil va ilgari foydalanishda boʻlgan yuk avtotransport vositalari sotib olish va ularni ta’mirlash (chet eldan olib kelinadigan yuk avtotransport vositalaridan tashqari);
- bino-inshootlarni sotib olish;
- aylanma mablagʻlarni shakllantirish (eksportoldi moliyalashtirish bundan mustasno);
- ilgari olingan kredit va lizinglarni yoki boshqa har qanday qarzni qaytarish;
- nobank kredit tashkilotlari, lizing va sugʻurta kompaniyalari resurs bazasini shakllantirish.
2023 yil 1 yanvardan boshlab Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻ miqdoridan kelib chiqib, Jamgʻarma tomonidan bir moliya yilida qabul qilinadigan moliyaviy yordam miqdorlari Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash tomonidan belgilanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.06.2022 yildan kuchga kirdi.
Saodat Usmanova.