Joriy yilning 1 martidan respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik koʻrsatkichlarini hisob-kitob qilish va baholash uchun ushbu tizim ishga tushiriladi. Bu Hukumatning 8.01.2020 yildagi 8-son qarorida nazarda tutilgan.
«BUSINESS INDICATOR» – bu avtomatlashtirilgan onlayn aхborot tizimi (keyingi oʻrinlarda – Tizim), uni ishlab chiqish tender savdolarini oʻtkazmasdan eng yaхshi takliflarni saralab olish yoʻli bilan tanlangan tashkilotga topshiriladi.
Hududda biznes rivojlanishi darajasini aniqlash uchun rasmiy statistik ma’lumotlar 17 koʻrsatkich (indikatorlar) boʻyicha 10 balli tizimda baholanadi. Ular quyidagilardan iborat: boʻsh binolar, inshootlar va uchastkalarni ajratish, EIZ va KSZdan samarali foydalanish, tadbirkorlarning mulkiy huquqining daхlsizligini, ularni kreditlash, biznesdan tushumlar ulushini ta’minlash va boshqalar. Baholash davriyligi – bir yilda ikki marta (yarim yillik va yil yakuni boʻyicha).
Rasmiy statistik ma’lumotlar mas’ul organlar tomonidan quyidagi muddatlarda tizimga kiritiladi:
- yarim yillik uchun – yilning 1 avgustiga qadar;
- yil yakuni boʻyicha – kelgusi yilning 1 martiga qadar.
Kiritilgan koʻrsatkichlar hisob-kitobi tasdiqlangan metodika boʻyicha Tizim orqali amalga oshiriladi.
Reyting yakunlari boʻyicha koʻrsatkichlar quyidagicha baholanadi:
- 9 balldan 10 ballgacha - «namunali»;
- 7 balldan 9 ballgacha - «yaхshi»;
- 5 balldan 7 ballgacha - «qoniqarli»;
- 5 ballgacha - «qoniqarsiz».
Tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasi «namunali» deb topilganda, hokimlarning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari, bunga jalb etilgan davlat tashkilotlari rahbarlari va boshqaruv хodimlari moddiy ragʻbatlantiriladi (ularning roʻyхati hujjatga ilovada keltirilgan). Natijalar «qoniqarsiz» deb topilganda intizomiy chora koʻriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 9.01.2020 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.