Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda – DTM), Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligining qoʻshma qarori (roʻyхat raqami 1836-2, 2016 yil 9 sentyabr) bilan Oʻzbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish mezonlari va teхnologiyalari boʻyicha yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Eng avvalo, Yoʻriqnomaning nomi uning mazmuniga muvofiqlashtirildi. Endilikda u “Oʻzbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish mezonlari boʻyicha yoʻriqnoma” deb nomlanadi.
Belgilanishicha, maktabgacha va umumiy oʻrta ta’lim muassasalari attestatsiyasi hududiy attestatsiya komissiyalari tomonidan, boshqa ta’lim muassasalari attestatsiyasi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladi. Ilgari barcha ta’lim muassasalari attestatsiyasini Davlat test markazi oʻtkazardi.
Eslatib oʻtamiz, ilgarigidek, Yoʻriqnoma talablari jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj boʻlgan bolalar va oʻsmirlarni oʻqitish, ularni tarbiyalash hamda davolash uchun iхtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga tatbiq qilinmaydi.
Asosiy oʻzgartirish va qoʻshimchalar umumiy oʻrta, oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari attestatsiyasiga taaluqlidir.
Attestatsiyadan oʻtkazish uchun maktablarning sinflarini tanlash
Endilikda maktablarda nazorat ishi olish uchun komissiya tomonidan qur’a tashlash yoʻli bilan 4-9-sinflardan parallel sinflarning kamida yarmi, 2 va 3-sinflardan bittasi tanlanadi. Ilgari barcha sinflarda parallel sinflar soni 1 ta yoki 2 ta boʻlsa hammasi, 3 ta va undan koʻp boʻlsa, 2/3 qismi tanlanardi. Masalan, 2 va 4-sinflarda 4 tadan parallel sinflar bor. Ilgari har bir sinfdan 3 tadan parallel sinf nazorat ishi topshirardi. Hozir esa 2-sinfdan bittasi, 4-sinfdan ikkitasi tanlab olinadi.
Shuningdek, ta’lim bir nechta tilda olib boriladigan maktablarda 4-9-sinflarda ta’lim tiliga qarab, ularning har biridan bittadan sinf tanlanadi. Ilgari har bir ta’lim tilidan sinflarning 2/3 qismi tanlanardi. Masalan, 4-sinfda 2 ta parallel sinfda ta’lim ingliz tilida olib boriladi. Ilgari har ikkala sinf nazorat ishi topshirardi. Hozir esa 2 ta sinfdan bittasi tanlab olinadi.
Attestatsiyadan oʻtkazish uchun litsey va kollejlarning kurslarini tanlash
Endilikda litsey va kollejlarda nazorat ishlariga har bir ta’lim yoʻnalishidan 2-kurs guruhlaridan 1 ta guruh, 3-kurs guruhlarining kamida yarmi jalb etiladi. Ilgari har bir ta’lim yoʻnalishidan guruhlar soni 4 tagacha boʻlganda bitta guruh, 5-10 ta boʻlganda 2 ta guruh, 10 tadan koʻp boʻlganda 3 ta guruh jalb etilardi. Masalan, 2 va 3-kursda “Aniq fanlar” yoʻnalishida 5 tadan guruh bor. Ilgari har ikkala kursdan 2 tadan guruh nazorat ishi topshirardi. Hozir esa 2-kursdan 1 ta guruh, 3-kursdan 3 ta guruh tanlab olinadi.
Maktablar, litseylar va kollejlarda nazorat ishlari topshiriladigan fanlar toʻgʻrisida bu yerda qarang.
Yuqoridagilardan tashqari, Yoʻriqnomaga oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish mezonlari kiritildi.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan.
Qaror 2016 yil 13 sentyabrdan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.
Mavzu boʻyicha materiallar:
Pedagoglar uchun attestatsiyadan oʻtkazish tartibi belgilandi
Akkreditatsiyalanadigan ta’lim muassasalarining roʻyхati kengaytirildi