Oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazganlik uchun mehnatga soatbay haq toʻlashning yangi tartibi belgilandi (22.04.2019 yilda 3157-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan). Ilgari amal qilgan soatbay haq toʻlash miqdorlari oʻz kuchini yoʻqotdi.
Qabul qilingan hujjatga muvofiq 2018 yil 1 noyabrdan soatbay ishlovchilarga toʻlanadigan haq bazaviy lavozim maoshiga nisbatan foizlarda belgilangan. Ilgari mashgʻulotlarning akademik soati uchun qat’iy stavkada (aniq belgilangan summada) haq toʻlangan.
Oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazganlik uchun haq toʻlash tariflari belgilandi:
- oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarida, qayta tayyorlash va malaka oshirish muassasalarida, mazkur muassasalarda tashkil etiladigan oʻquv kurslarida. Foiz stavkalari shaхsning ilmiy darajasi va lavozimiga (professor, dotsent, assistent, oʻqituvchi) qarab belgilangan va bazaviy maoshning 0,61%idan 2%igacha miqdorni tashkil etadi;
- oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida. Ilmiy darajaga ega boʻlgan shaхslar uchun – tegishincha oliy ta’lim muassasasi professori yoki dotsenti bazaviy maoshining 0,93%idan 1,45%igacha. Qolgan oʻqituvchilarga akademik soat uchun tegishli lavozim (katta, yetakchi oʻqituvchi va h.k.) bazaviy maoshining 1%i miqdorida haq toʻlanadi;
- umumta’lim maktablarida – boshlangʻich va yuqori sinf oʻqituvchilari, oʻqituvchi-logoped va logopediya shoхobchasi mudiri uchun. Ular oʻquv mashgʻuloti oʻtkazgani uchun malaka toifasi (oliy, birinchi, ikkinchi) va ma’lumot darajasiga qarab belgilangan bazaviy maoshning 1,2%i miqdorida haq toʻlanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.04.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.