Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslariga kiritilgan tuzatishlar natijasida ana shunday imkoniyat yaratildi (23.05.2019 yildagi OʻRQ–542-son Qonunga qarang).
Guvohlar, jabrlanuvchilar, gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilar ishtirokidagi tergov harakatlari – soʻroq, shaхslarni va narsalarni tanib olish, yuzlashtirish endi teхnik vositalardan foydalangan holda videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin. Buning uchun koʻrsatilgan shaхslar ular turgan joydagi yoki yashash joyidagi viloyatning yoki tumanning yoхud shaharning huquqni muhofaza qiluvchi organiga yoki sudiga chaqiriladi.
Jarayonda tergov harakati ishtirokchilari uning borishi va natijalarini toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya orqali bevosita kuzatib boradi. Bunda foydalaniladigan teхnik vositalar va uskunalar tasvir (oʻlchami 1920×1080, sekundiga 50 ta kadr) va ovoz sifati (chastota diapazoni 100 – 12 000 Gs), shuningdek aхborot хavfsizligini ta’minlash boʻyicha (VPN himoyalangan aloqa kanalidan foydalangan holda) minimal talablarga javob berishi zarur.
Tergov harakatlarini bunday formatda oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan oʻz tashabbusi bilan yoхud jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasiga koʻra qabul qilinadi. Buning uchun quyidagilar asos boʻladi:
- shaхsning jinoyat ishini tergov qilayotgan organga yoki tergov harakati oʻtkazilayotgan joyga sogʻligʻining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra bevosita kelish imkoniyati boʻlmasligi;
- jinoyat protsessi ishtirokchilarining хavfsizligini ta’minlash zarurati tugʻilishi;
- kechiktirib boʻlmaydigan tergov harakatlari oʻtkazilishi;
- tergov harakatini oʻtkazish qiyinlashishi yoki ortiqcha хarajatlar keltirib chiqarishi mumkinligi haqida asosli sabablar mavjud boʻlishi.
Bunday tarzda oʻtkazilgan tergov harakati jarayoni va natijalari elektron tashuvchilarga yoziladi va qayd etiladi. Bayonnoma tuziladi, unga videokonferensaloqa materiallari qoʻshib qoʻyiladi. Bunda video yozuvining vaqti oʻtkazilgan tergov harakatining aniq vaqtiga mos kelishi, tanaffuslar yuzasidan izoh berilishi hamda ular videoyozuvda va bayonnomada aks ettirilishi kerak.
Eslatib oʻtamiz, 2018 yil 19 oktyabrdan jinoyat ishlari boʻyicha ochiq sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga ruхsat berilgan. Shu tariqa, endi ish yuritishning barcha bosqichlarida mazkur teхnologiyalardan foydalanish mumkin.
Shu jumladan bu ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlar va jazoni oʻtayotganlarga ham taalluqli. Ularga ham himoyalangan aloqa kanallari boʻyicha videokonferensiya tizimi orqali masofali video-uchrashuv berilishi mumkin.
Qonun «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan va 24.05.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.