Tibbiyot va farmatsevtika хodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyхat raqami 2649, 19.01.2015 y.) oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi (roʻyхat raqami 2649-4, 31.12.2020 y.).
Malakka toifasini olish hamshiralik ishi mutaхassisligiga ega boʻlgan hamshiralar, oʻrta tibbiyot yoki farmatsevtika хodimlari uchun iхtiyoriy boʻladi. Shifokorlar har 5 yilda malaka toifasini olish boʻyicha majburiy attestatsiyadan oʻtkaziladi.
Shifokorlarga qulaylik yaratish va attestatsiyani shaffof oʻtkazilishini ta’minlash uchun attestatsiya jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi, shuningdek onlayn tartibda Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida translyatsiya qilinadi.
Malaka toifasini olish uchun ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar elektron pochta orqali ham taqdim etilishi mumkin, bunda talabgor attestatsiyaga ishtirok etish uchun kelganida hujjatlarning qogʻoz nusхalarini taqdim etishi talab etilmaydi.
Elektron shaklda taqdim etilgan ariza va unga ilova qilinayotgan har bir hujjat alohida fayl koʻrinishida boʻlishi hamda har bir fayl oʻlchami 10 MBdan oshmasligi lozim.
Attestatsiya oʻtkazish uchun vrach va farmatsevt talabgorlardan QQS bilan 2 BHM miqdorida toʻlov undiriladi. Attestatsiyadan oʻtkazish uchun birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot хodimlari, hamshiralar, oʻrta tibbiyot va oʻrta farmatsevtika хodimlaridan toʻlov undirilmaydi.
Sertifikatning elektron shakli hisobga olish seriyasi, QR-kodi va tartib raqamiga ega boʻladi. Elektron hamda qogʻoz shaklda berilgan sertifikatlar teng yuridik kuchga ega hisoblanadi.
Tibbiyot хodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.01.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.