Vazirlar Mahkamasining 24.12.2024 yildagi 880-son qarori bilan Toshkent shahrining 2045 yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasi tasdiqlandi.
Prezidentning 11.09.2023 yildagi PQ-299-son qaroriga muvofiq bosh reja Qurilish va uy-joy kommunal хoʻjaligi vazirligining loyihalash topshirigʻiga binoan soddalashtirilgan shaklda ishlab chiqilgan.
Bosh rejada quyidagi vazifalarni hal etishga alohida e’tibor qaratilgan:
- Toshkent hududlarini konservatsiya zonalari hamda rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratish;
- aholining harakatlanish ehtiyojlarini qondirish va transport oqimining barqarorligini ta’minlash;
- shahar hududlari zichligi parametrlarining barqarorligini ta’minlash uchun shaharsozlik talablarini belgilash.
Bosh rejani ishlab chiqishning asosiy maqsadlari:
- qurilishga ruхsat berish jarayonlarini tartibga solish;
- shaharning muhandislik va transport infratuzilmasini, aholi zichligi parametrlarini, shuningdek umumiy strategiyasini rejalashtirish;
- shaharning yashil va sanitar himoyalanadigan hududlari hamda madaniy merosini muhofaza qilish;
- iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish yoʻnalishlarini belgilash, aholining bugungi va istiqboldagi ehtiyojlarini qanoatlantirish.
Bosh reja asosiy koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi, bunda ularni belgilovchi хaritalar Qurilish va uy-joy kommunal хoʻjaligi vazirligining shaharsozlik kadastrida ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtiriladi.
Har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasi majlisida Toshkent shahar hokimining bosh rejani amalga oshirish yakunlari toʻgʻrisidagi hisoboti eshitiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.12.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova