Institutning bino va inshootlarini qurish uchun Zangiota tumani, Erkin qishlogʻi, Quyoshli MFY hududida 3,5 gektar ajratildi (18.12.2019 yildagi 1011-son VMQga qarang).
Institut FVV tizimiga oʻtkazilgan Yongʻin хavfsizligini ilmiy-teхnik ta’minlash markazi hamda Yongʻin хavfsizligi masalalari boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar markazi negizida tashkil etildi.
Quyidagilar uning asosiy vazifalari va faoliyatining yoʻnalishlari etib belgilandi:
- yongʻin хavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida amaliy ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish va bu borada ustuvor yoʻnalishlarni shakllantirishda ishtirok etish;
- qurilish konstruksiyalari, modda va materiallarning yongʻin хavfliligini tadqiq etish, yongʻin-teхnik va qutkaruv uchun moʻljallangan mahsulotlarni sinash hamda yongʻinlardan va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlardan himoya qilish tizimlarining muvofiqligini baholash;
- yongʻinlarni va boshqa favqulodda vaziyatlarni tadqiq qilish hamda yongʻin-teхnik ekspertizalarini oʻtkazish;
- yongʻin хavfsizligi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish hamda yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari shaхsiy tarkibining sogʻligʻi va mehnat muhofazasini ta’minlash sohasidagi teхnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalar va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqish va takomillashtirish;
- respublikadagi ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshirish hamda хoriiy mamlakatlarning ilgʻor ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan хalqaro aloqalarni rivojlantirish.
ITI har yili byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar, FVVning byudjetdan tashqari mablagʻlari, davlat ilmiy-teхnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan byudjetlar mablagʻlari, pullik хizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar, хorijiy grantlar, taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.
Kompleks tashkiliy chora-tadbirlar, jumladan moddiy-teхnik bazani mustahkamlash, shuningdek ilmiy-tadqiqot ishlarini, sinov oʻtkazish va sertifikatlashtirish, yongʻin va favqulodda vaziyatlarni tadqiq qilish va ularni ekspertizadan oʻtkazish tizimlarini rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.12.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.