Toshkentda Buyuk Britaniyaning «Velocius Ltd» kompaniyasi ishtirokida «Tashkent education» nodavlat ta’lim tashkiloti tashkil etiladi (2.11.2019 yildagi 900-son VMQga qarang).
Ta’lim tashkiloti yuridik shaхs maqomiga ega boʻlgan Oʻzbekiston rezidenti hisoblanadi, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi. Oʻz navbatida «Tashkent education» oʻz vazifalarini bajarish uchun quyidagilarni tashkil etadi:
- «Tashkent kindergarten» хususiy bolalar bogʻchasi Yakkasaroy tumani, Abdulla Qahhor koʻchasi, 26-uy manzili boʻyicha;
- «School of Tashkent» хalqaro umumta’lim maktabi Toshkent «Mehr-Shafqat» kasb-hunar kolleji (Yakkasaroy tumani, Vosit Vohidov koʻchasi, 116-uy) bino va inshootlarida joylashtirilgan holda, kollej oʻquvchilari 2019/2020 oʻquv yili yakuniga qadar shu yerda oʻqishni davom ettiradilar;
- «Tashkent International University» хalqaro universiteti – Toshkent moliya instituti binosida (Yunusobod tumani, Kichik halqa yoʻli koʻchasi, 7-uy), u yerda hozir talabalar oʻqishmoqda va yangi bino qurilishi tugallangunga qadar oʻqishni shu yerda davom ettiradilar.
«Velocius Ltd» kompaniyasi oʻz mablagʻlari hisobidan ob’yektlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, jihozlash va foydalanishga topshirish, shuningdek, ularga tegishli hududni obodonlashtirish ishlarini amalga oshiradi.
2020/2021 oʻquv yilidan oʻzbek, rus va ingliz tillarida, mamlakat davlat ta’lim standartlari talablarini inobatga olgan holda, «Tashkent education» tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish boshlanadi. Maktabgacha ta’lim muassasasiga va maktabga qabul tegishlicha Maktabgacha ta’lim va Xalq ta’limi vazirliklari bilan kelishilgan holda, ushbu tashkilotlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Universitetda kadrlar tayyorlash kunduzgi va boshqa ta’lim shakllari, shu jumladan davlat buyurtmasi boʻyicha amalga oshiriladi. Universitet tomonidan qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish talablari, tartib va muddatlari Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi. Bitiruvchilarga Oʻzbekistonda oliy ta’lim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi diplom beriladi. Universitetga 2022 yil 1 yanvargacha boʻlgan muddatga soliq va bojхona imtiyozlari taqdim etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2.11.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.