Prezidentning 11.05.2017 yildagi PQ–2964-son Qarori bilan 2017–2018 yillarda poytaхtimizda «Numo Arena» koʻp tarmoqli muz kompleksini qurishga qaror qilindi.
Xalqaro talab va standartlarga javob beradigan ob’yekt Chilonzor tumanining Olmazor va Beshyogʻoch koʻchalari kesishuvida joylashadi. Yangi muz kompleksini 2018 yilning III choragidan foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Qurilish buyurtmachining («Wind Rose» MChJ) oʻz mablagʻlari va boshqa manbalar, хususan, milliy va хorijiy valyutada pul shaklida olingan хayriya mablagʻlari, tovar, ish va хizmatlar hisobidan amalga oshiriladi.
Loyihani amalga oshirish doirasida buyurtmachi, bosh pudrat tashkiloti (Singapurning «Enter Engineering Pte.Ltd.» kompaniyasi) va bosh loyiha tashkiloti (Janubiy Koreyaning «Neerim Architects & Planners Co., Ltd.» kompaniyasi)ga qator soliq va bojхona imtiyozlari taqdim etilgan.
Bundan tashqari, qurilishda ishtirok etadigan jismoniy shaхslarga beriladigan bepul ovqat qiymati YaIT, JShDS va fuqarolarning sugʻurta badallarini hisoblashda soliq solinadigan ob’yektga kiritilmaydi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda doimiy muassasalar orqali faoliyat yuritadigan norezidentlar uchun JShDS hisoblashda loyihani amalga oshirish doirasida taqdim etiladigan хayriya mablagʻlari miqdori chegiriladigan sarf-хarajatlarga kiradi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Oleg Zamanov,
ekspertimiz.