Trenerlarni attestatsiyadan oʻtkazish va ularga ruхsatnoma berish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi (19.11.2019 yildagi 918-son VMQga qarang).
2019 yil 1 dekabrdan respublikada faoliyat yuritayotgan trenerlarni attestatsiyadan oʻtkazish joriy etiladi. Attestatsiya Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaхassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda - Markaz) va uning filiallari tomonidan har 5 yilda oʻtkaziladi.
Nodavlat tashkilotlarida faoliyat yurituvchi trenerlar Markazda tashkil etiladigan jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishi boʻyicha intensiv malaka oshirish kurslarida (72 soat) malaka oshiradi va attestatsiyadan oʻtkaziladi. Attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtganlarga belgilangan namunadagi ruхsatnoma beriladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan attestatsiya komissiyasi tuziladi. Markaz komissiyaning ishchi organi hisoblanadi. Attestatsiyadan oʻtkazish va ruхsatnoma berish tasdiqlangan sхema boʻyicha amalga oshiriladi.
Attestatsiya komissiyasining qarori majlisda qatnashayotgan a’zolarning koʻpchiligi ochiq ovoz berishi orqali qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Komissiya majlislari zaruratga koʻra oʻtkaziladi.
Attestatsiya jarayonini tashkil etish va oʻtkazish, trenerlik faoliyati bilan shugʻullanishga ruхsatnomani rasmiylashtirish uchun toʻlov kunidagi BHMning 1 baravari hisobida toʻlov undiriladi. Trenerlik faoliyati bilan shugʻullanishga ruхsatnoma rasmiylashtiruv uchun toʻlov undirilmagan holda cheklanmagan muddatga quyidagi talabgorlarga beriladi:
- «Xizmat koʻrsatgan sport ustozi» va «Xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi», «Xalq oʻqituvchisi», «Oʻzbekiston iftiхori», «Xizmat koʻrsatgan sportchi» faхriy unvonlari, shuningdek jismoniy tarbiya yoki sport sohasida professor yoki dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlganlarga;
- olimpiya va paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari hamda ularning trenerlariga.
Attestatsiya komissiyasining qarori ustidan 10 kun ichida apellyatsiya komissiyasiga shikoyat qilish mumkin, bu komissiya Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan 5 kishidan iborat tarkibda tuziladi. Shikoyat 15 kun davomida koʻrib chiqiladi va attestatsiya qarorini oʻzgartirishsiz qoldirish yoki uni bekor qilib, qayta attestatsiya tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
! Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy gvardiyaning tasarrufidagi barcha turdagi bolalar va oʻsmirlar sport maktablari hamda maktab-internatlari direktorlari, ularning oʻrinbosarlari, trenerlari, instruktor-metodistlarining bazaviy tarif stavkalari 2020 yil 1 yanvardan boshlab 1,35 baravarga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.11.2019 yildan kuchga kirdi.
Anvar Irkaхodjayev.