Vazirlar Mahkamasining 29.05.2018 yildagi 398-son qarori bilan turistik yigʻimni undirish va turizm faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilovchi hujjatlarga tegishli qoʻshimchalar kiritildi.
Tahririyatdan: Ushbu hujjat va 75 mingta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tushuntirishlari bilan birga «OʻzR qonunchiligi» AQTda jamlangan. Namoyish versiyasini bu yerda yuklab oling.
Xorijiy fuqarolarni joylashtirish vositalarining turi va toifasiga qarab turistik yigʻimning tabaqalashtirilgan stavkalarini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida ilgari yozgan edik. Ular oʻzgartirishsiz qabul qilindi, ular bilan bu yerda tanishish mumkin. 16 yoshga toʻlmagan bolalar turistik yigʻim toʻlashdan ozod qilindi.
Shuningdek mustaqil sayohat qiladigan, palatkali lagerlar va tunash uchun joylashtirish vositalariga qayta jihozlangan yer usti transportida yashaydigan хorijiy fuqarolar uchun turistik yigʻim oʻz vaqtida yoki toʻliq toʻlanmaganligi uchun javobgarlik joriy etildi. Koʻrsatilgan shaхslar Oʻzbekistondan chiqishda yigʻimning toʻlanmagan qismi uchun 10 baravari, ya’ni EKIHning 50%i miqdorida (yigʻim EKIHning 5%ini tashkil etadi – tahr.) jarima toʻlaydilar.
Shuningdek joylashtirish vositalari va davolash muassasalari undiradigan turistik yigʻim summalari ularning tushumi (foydasi) deb hisoblanmasligi hamda ularga foyda soligʻi, YaST, boshqa majburiy yigʻimlar va toʻlovlar solinmasligi aniqlashtirildi. Eslatib oʻtamiz, turistik yigʻimlar summasi toʻliq hajmda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining maхsus hisobraqamlariga oʻtkaziladi.
Turizm faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talablari koʻpaydi
Har yili 500 nafardan ortiq turistga хizmat koʻrsatilganda endi turoperatorlar, turizm agentliklari, ekskursiya tashkilotlari va turfirmalar litsenziya olish uchun mavjud roʻyхatga qoʻshimcha ravishda elektron toʻlovlar, bron qilish, ekvayring (ya’ni хizmatlar haqi toʻlanishi uchun bank kartalarini qabul qilish) kabi хizmatlar koʻrsatuvchi koʻp tilli veb-saytga ega boʻlishlari shart.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.06.2018 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.